O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik Oliy kengashi yig‘ilishi qachon o‘tkazilishi aytildi

Jamiyat

image

Kelgusi oylarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an rahbarligida Strategik hamkorlik Oliy kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Bu haqda Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er ma’lum qildi. 

Uning qayd etishicha, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar ikki yil oldin ikki mamlakat rahbarlarining do‘stona munosabatlari va siyosiy irodalari bilan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. 

QALAMPIR.UZ`ga oid ma’lumotlarga qaraganda, Strategik hamkorlik Oliy kengashining birinchi yig‘ilishi Turkiya poytaxti Anqara shahrida bo‘lib o‘tadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir necha bor Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqotda Strategik hamkorlik Oliy kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga puxta tayyorgarlik ko‘rish haqida suhbatlashgan edi. 

2016 yildan boshlab O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida yangi sahifa ochildi. 2016 yilning noyabr oyida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi, 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqdi. 

Ayniqsa, ikki davlat rahbarlarining 2018 yilning 30-31 aprel – 1 may kunlari O‘zbekistonda o‘tkazgan uchrashuvlari tarixiy munosabatlarda yangi ahamiyat kasb etdi. Bunda 24 ta hujjat imzolandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Turkiya Strategik hamkorlik Oliy kengashiga Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning 2018 yil O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davomida ikki mamlakat rahbarlari tomonidan asos solingan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya Shavkat Mirziyoev Rajab Toyib Erdo'g'an

Baholaganlar

17

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing