O‘zbekiston turizmni rivojlantirish uchun noan’anaviy usulni qo‘llamoqchi

Jamiyat

image

Joriy yilning 22-27 avgust kunlari O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “World Influencers Congress” I Xalqaro inflyuyenserlar kongressi o‘tkaziladi. Unda 100 ga yaqin taniqli blogerning tashrifi kutilmoqda. Ularning orasida Instagram orqali turli mamlakatlarga sayohatlar haqida so‘zlovchi “Wonderful places” sahifasi asoschisi Syuzanna Brux ham bor. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlash joizki, Instagram’dagi Wonderful places sahifasini bugunga kelib 13 millionga yaqin kishi kuzatib boradi. Syuzanna Brux o‘z sahifasida 6729 post bilan bo‘lishgan. Ularning orasida Gretsiya, Fransiya, Italiya, Singapur, Germaniya, Chexiya, AQSH, Avstriya, Yaponiya kabi mamlakatlarning diqqatga sazovor maskanlarini ko‘rishingiz mumkin. 

Shuningdek, I Xalqaro inflyuyenserlar kongressi doirasida O‘zbekistonga tashrif buyuruvchilar qatorida “Senstylable” (9,6 mln follover) sahifasi asoschisi Reyta Xakaj ham bo‘lib, u shu kunga qadar 2 millionga yaqin post bilan bo‘lishgan. Sahifa moda olami va shopping “ixlosmandlari” uchun mo‘ljallangan. 

Bundan tashqari, “Matte Liquid Lipstick” brendi asoschisi, “House of Rawan” do‘konlar tarmog‘i bilan tanilgan Ravan bin Hussayn (3,6 mln follover), San-Fransiskoda istiqomat qiluvchi byuti-bloger Sadaf (2 mln follover), ajoyib sayyoh-suratkash Altug Galip (1,3 mln follover) kabi folloverlari soni kundan kunga oshib borayotgan ko‘plab taniqli shaxslar ham O‘zbekistonga tashriflarini tasdiqlashgan. 

“World Influencers Congress” I Xalqaro inflyuyenserlar kongressining asosiy maqsadi turizmni rivojlantirish va inflyuyenserlar global tarmog‘ini kengaytirishga doir g‘oyalar va ilg‘or usullar bilan o‘zaro almashish uchun platforma yaratishdan iboratdir. Qayd etish lozimki, Xalqaro inflyuyenserlar kongressi butun dunyoning fikrlar yetakchilarini birlashtiradi va muntazam ravishda dunyoning turli nuqtalarida o‘tkaziladi.

Shunisi diqqatga sazovorki, taniqli inflyuyenserlarning O‘zbekistondagi tadbirda ishtirok etishi millionlab xorijiy fuqarolarning xalqaro kongressga bo‘lgan qiziqishini oshirib, mamlakatning turizm salohiyatini rivojlantirish yo‘lida xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

32

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing