O‘zbekiston “Tolibon”ga afg‘on samolyotlarini qaytarmaydi – Prezident vakili
Jamiyat
−
30 aprel 2022
23220O‘zbekiston Afg‘onistonning avvalgi hukumati qulashi arafasida afg‘on uchuvchilari qochayotganda mamlakatga olib o‘tgan samolyot va vertolyotlarni “Tolibon” tuzgan hukumatga qaytarmoqchi emas. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“AQSH hukumati ular uchun to‘lagan. U avvalgi afg‘on hukumatini moliyalashtirgan. Shuning uchun ularni nima qilish mutlaqo Vashingtonga bog‘liq”, degan Afg‘oniston masalasi bo‘yicha bosh diplomat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy Toshkent AQSH bilan kelishuv asosida uchoqlarni saqlab qolgan va toliblarni ogohlantirgan.
Qayd etish kerakki, uchuvchilarning samolyotlar bilan qochib ketishi, “Tolibon”ning Afg‘onistonda hokimiyatni egallash jarayonidagi eng katta muvaffaqiyatsizligi bo‘lgan.
O‘shandan beri bu masala kam gapirildi, bu qisman O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlaridagi noziklik va rasmiylarning har taraflama uni muhokama qilishni istamasligi tufayli bo‘ldi.
AQSH Mudofaa vazirligi vakili nashrga na O‘zbekiston, na Tojikiston samolyotlarni toliblarga topshirmasligini bildirgan.
“Samolyot hanuzgacha O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari bilan mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha muzokaralar mavzusi bo‘lib qolmoqda”, degan AQSH Mudofaa vazirligi vakili armiya mayori Rob Lodevik samolyot va vertolyotlar taqdiri haqidagi savolga javoban.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021 yil 21 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 46 ta, Tojikistonda esa 18 ta samolyot bor edi, ular orasida Mi-17 UH-60 vertolyotlari, shuningdek, PC-12, C-208, AC-208 va A-29 samolyotlari bor.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH 2021 yil bahorida o‘z Qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqib ketishini e’lon qilganidan keyin “Tolibon” harakati Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 15 avgust kuni “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa Respublikani tark etdi. 6 sentyabrda toliblar butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida e’lon qilgan bo‘lsa, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.
LiveBarchasi