84 nafar afg‘on harbiysi O‘zbekistonga o‘tdi — TIV chegaradagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi

Jamiyat

image

14 avgustdan 15 avgustga o‘tar kechasi Afg‘oniston shimolidagi Mozori-Sharif shahri “Tolibon” harakati tomonidan egallangani, natijada afg‘on harbiylari va fuqarolari O‘zbekistonga qochib o‘tgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi o‘zbek-afg‘on chegarasida yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilning 14 avgust kuni Afg‘oniston bilan Davlat chegarasining bo‘linmalaridan birida Afg‘oniston Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilaridan iborat 84 kishilik guruh davlat chegarasini kesib o‘tdi va DXX Chegara qo‘shinlari chegara otryadlari tomonidan qo‘l olindi. Chegarani buzganlar qarshilik ko‘rsatmagan va ko‘makka muhtojligini bildirgan,  jumladan, 3 nafar yaralangan shaxsga tibbiy yordam so‘ragan.

Afg‘onistonning mazkur fuqarolari bilan zarur tekshiruv-filtrlash jarayonlari va sanitariya-epidemiologiya tadbirlari o‘tkazildi, ularning ayrimlariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, shuningdek, oziq-ovqat va ularning vaqtincha joylashishi tashkil etildi.

Shu bilan birga, Termiz-Hayraton ko‘prigining Afg‘oniston qismida Afg‘oniston hukumat kuchlarining harbiy xizmatchilari to‘plangani qayd etildi. Bu shaxslarga insonparvarlik yordami ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston fuqarolarining vataniga qaytishi va “Termiz-Hayraton” ko‘prigi hududidagi vaziyatni tartibga solish borasida Afg‘oniston tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda.

Bundan tashqari, 14 avgust kun davomida “Termiz-Mozori-Sharif” temir yo‘l uchastkasida xizmat ko‘rsatuvchi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vatanga qaytarish tashkil etildi.

Ta’kidlash joizki, davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda, barcha zarur xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Termizda xavfsizlik idoralari rahbarlari va davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat tezkor shtab joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1075

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing