O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurashda Turkiya tajribasini o‘rganmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston terrorizmga qarshi kurashda Turkiya bilan hamkorlik qiladi. Bu haqda tomonlarning mas’ul idoralari vakillari kelishib qolgan. 

Joriy yilning 7 fevral kuni IIV Akademiyasiga Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Turkiya politsiya akademiyasi vakillaridan iborat delegatsiya kelgan. Tashrif doirasida ikki tomonlama muzokara o‘tkazilib,  hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilingan. 

Ta’lim muassasasi rahbari, polkovnik Rustam Xotamov mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi besh yilda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida e’tirof etgan. Uning ta’kidlashicha, ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va amaliy sa’y-harakatlari ko‘p qirrali hamkorlikka yangicha sur’at bag‘ishlayapti. Bugungi kunda o‘zaro aloqalar azaliy qardoshlik va birodarlik rishtalari asosida zamonaviy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlari,  jumladan, ta’lim sohasida ham izchil ravnaq topmoqda. 

 

“Istiqboldagi yo‘l xaritamizda Turkiyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirganmiz. Bu ham soha uchun zamon talablariga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi”, degan Xotamov. 

O‘z navbatida, turkiyalik vakillar Turkiya va O‘zbekiston global tahdid va xavf-xatarlarning oldini olish, mintaqaviy hamda xalqaro masalalarni hal etishda doimo bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotgani, aloqalar muntazam hamkorlik formatida jadal rivojlanayotganini ta’kidlagan.

Uchrashuvda tajriba almashinuvini kengaytirish, o‘quv  jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini samarali tatbiq etish, professor-o‘qituvchilar va kursantlarning malakasini oshirishda o‘zaro yordam tamoyili asosida mashg‘ulotlar tashkil qilish, xalqaro terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashishda Turkiyaning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish, bu borada o‘quv-uslubiy va ilmiy hamkorlikni izchil davom ettirish masasalari yuzasidan fikr almashilgan. 

Kunning ikkinchi yarmida turkiyalik mutaxassislar “Politsiya tizimida samarali muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish” hamda “Terrorizmga olib keluvchi radikallashuv jarayonining oldini olishni boshqarish” mavzularida seminar-trening mashg‘uloti o‘tkazgan. Turkiya Respublikasi delegatsiyasi tomonidan ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari uchun tashkil qilingan mashg‘ulotlar joriy yilning 11 fevraliga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

46

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing