O‘zbekiston sun’iy intellekt sohasida BAA bilan hamkorlik qiladi
Jamiyat
−
22 noyabr 2023
4955Bugun, 22 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir al-Gargaviy Shavkat Mirziyoyevga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon va mamlakat vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amiri Shayx Muhammad Ol Maktum hamda vitse-prezident Shayx Mansur Ol Nahayonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Suhbatda ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston bilan BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar yuqori sur’atda rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxona va loyihalar soni barqaror oshib borayotgani aytilgan.
“Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” doirasida, shu jumladan davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, boshqaruv kadrlarini tayyorlash va raqamli hukumatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, qariyb mingta seminar, forum va o‘quv kurslari o‘tkazilib, ularda 2 million nafargacha o‘zbekistonlik mutaxassis malaka oshirgan.
Shuningdek, uchrashuvda samarali boshqaruv, savdo salohiyatini rivojlantirish, shaharlar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yuksak texnologiyalar, sun’iy intellekt va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlangan.
LiveBarchasi