O‘zbekiston saylov tizimida jiddiy o‘zgarishlar kutilyapti

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, qonunchilikka quyidagi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilmoqda:

•    Muddatli saylovlarni o‘tkazish sanasini dekabr oyidan mart oyiga ko‘chirish;

•    sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga ham saylash huquqini berish;

•    Bo‘shagan deputatlik o‘rinlariga saylov o‘tkazish uchun aniq muddatlarni belgilash;

•    Parlamentda o‘z fraksiyasiga ega bo‘lgan siyosiy partiyalar uchun (kamida 9 ta deputatlik o‘rni) saylovlarda ishtirok etish uchun saylovchilarning qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini (parlament saylovida 40 mingta, prezidentlik saylovida saylovchilarning 1 foiz miqdorida) to‘plashi shart emasligi to‘g‘risidagi qoidani o‘rnatish;

•    Saylov byulletenining matnini soddalashtirish, xususan byulleten matnidan nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi) va ish joyi haqidagi ma’lumotlarni chiqarib tashlash;

•    Okrug saylov komissiyasi tomonidan okrug bo‘yicha saylov natijalari to‘g‘risida bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun OSK binosiga kamida 48 soat muddatga darhol osib qo‘yish lozimligi to‘g‘risidagi tartibni belgilash;

•    Saylov komissiyalarining qarorlari ustidan shikoyat qilish muddatini 10 kundan 3 kunga qadar qisqartirish;

•    Siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqotini moliyalashtirishda davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lardan ko‘p bo‘lmagan miqdorda xususiy mablag‘larni jalb qilishga ruxsat berish;

•    Tashqi reklama vositalarida siyosiy partiyalar va nomzodlarga bepul joy ajratilish amaliyotidan voz kechish;

•    Saylov kuni va ovozlarni sanab chiqish jarayonida saylov uchastkalari va okrug saylov komissiyalarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslar toifasini belgilash;

•    Ovozlarni sanab chiqish va saylov natijalarini aniqlash tartibini, barcha qadamlarni bayon etgan holda soddalashtirish. 

Shuningdek, farmonda:

•    Parlament saylovlarida majoritar tizimdan aralash (majoritar proporsional) tizimga o‘tish masalasini o‘rganib chiqish;

•    Saylovchilardan yarmidan ko‘pining ovozini olgan nomzodning saylangan deb hisoblanishi (mutlaq ko‘pchilik) to‘g‘risidagi qoida o‘rniga, saylovchilarning eng ko‘p ovozini olgan nomzodning saylangan deb topilishi (nisbiy ko‘pchilik) haqidagi qoidani parlament va mahallliy kengashlarga saylovlarda joriy etish masalasini o‘rganish belgilanmoqda.

Hujjat loyihasi 4 iyunacha muhokamada bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov tizimi

Baholaganlar

125

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing