O‘zbekona andishaga stop!
Tahlil
−
11 iyun 12428 7 daqiqa
5 iyun kuni O‘zbekiston ahlining 34 yillik orzusi ushaldi. Futbol bo‘yicha mamlakat milliy terma jamoasi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani bois, g‘alaba shukuhi hali hanuz so‘ngani yo‘q. Ammo millionlab mehnat muhojirlari inson huquqlari toptaladigan, ayniqsa migrantlarga hayvondek munosabatda bo‘linadigan davlatda ishlar ekan, istalgan paytda ular zo‘ravonlikka uchrar va buni o‘sha mamlakatning oliy hokimiyati oqlab chiqar ekan, O‘zbekiston uchun hali-beri biron bir bayram uzoq tatimaydi. Moskvadagi Mudofaa vazirligi muassasalaridan birida joriy yilning 8 iyun kuni xavfsizlik kuchlari migrantlarga qarshi reyd o‘tkazdi. OMON xodimlari mehnat muhojirlarining hujjatlarini tekshirish uchun Stroginodagi yotoqxonaga borib, erkaklarni xonalaridan haydab chiqargan. Ular shunchaki haydab chiqarilmagan, vaholanki tepilgan, tarsaki va musht tushirilgan, qadr-qimmati toptalgan, xo‘rlangan. Bir so‘z bilan aytganda, neonatsizm qurboniga aylangan. Mazkur g‘ayriinsoniy harakatlar davomida xavfsizlik xizmati xodimlari hujjatlari bilan muammoga duch kelgan 5-6 nafar shaxsni qo‘lga olgan. Qo‘lga olinganlar vaziyatga oydinlik kiritish uchun bo‘limga olib ketilgan.
Dastlab bu vaziyatga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi munosabat bildirdi. Vakolatxonaga ushbu holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasining huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan rasmiy ma’lumot kutayotgani ma’lum qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Moskva shahridagi Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi ushbu masalani nazoratga olgani aytildi. Migratsiya agentligi Rossiya kuchishlatar tuzilmalarining xatti-harakatidan jabrlanganlar orasida bordi-yu O‘zbekiston fuqarolari mavjud bo‘lsa, jumladan, ularga tan jarohatlari yetkazilgan, huquqlari buzilgan yoki boshqa muammolarga duch kelgan bo‘lsa, holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasidagi o‘z vakolatxonasining aloqa raqamlariga murojaat qilishi so‘raladi.
Keyinchalik rasmiy Toshkent masalaga jiddiy yondashdi. Bu safar ish Moskvadagi hammomda bo‘lgan tahqirlanish kabi yeng ichida qolmadi. O‘zbekiston Rossiyada bo‘lib turgan mehnat migrantlariga nisbatan kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan qilinayotgan qo‘pol, inson huquqlariga zid harakatlar yuzasidan nota yuborib, huquq-tartibot organlarining faoliyatiga huquqiy baho berilishini so‘radi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, 10 iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida Rossiya tomoni bilan har oy migratsiya masalalari bo‘yicha o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuv tashkil etilgan. Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi hududida ayrim holatlarda O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ruxsatsiz tekshiruvlar, hurmatsizlik va qo‘pol munosabatlar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar tashvish uyg‘otayotgani ta’kidlangan. Bunday holatlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga aslo to‘g‘ri kelmasligi, ularni oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligi yetkazilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Rossiya tomonini barcha fuqarolarga nisbatan xalqaro huquq va inson huquqlariga rioya qilishni ta’minlashga chaqirgan. Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralari O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishga hamda ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmaslikka chaqirilgan. Moskvadagi holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi tomonidan nota yuborilib, Rossiya TIVdan ushbu holatga izoh berishni so‘ragan.
Shuningdek, O‘zbekiston Rossiyadan kuch ishlatar tuzilma vakillarining harakatlariga huquqiy baho berishni ham talab qilgan. Rasmiy xabarda aytilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ushbu masalani o‘zining doimiy nazoratida ushlab turadi va kerakli hollarda qo‘shimcha choralar ko‘rishni davom ettiradi.
Mazkur ayanchli voqea fonida O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Facebook’dagi sahifasida o‘zbek yigit-qizlariga Rossiyaga bormaslikni tavsiya qildi. Rektor o‘z postida shu kunlarda Moskvada migrantlarga nisbatan o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari, kuch ishlatar tuzilmalarning mehnat muhojirlariga qarshi qo‘pol xatti-harakatlari aks etgan videoni ilova qilib, aholisi yiliga qariyb 1 millionga ortayotgan O‘zbekiston ishchi kuchini boshqa mamlakatlarga yo‘naltirishga majburligi, ammo, shunday bo‘lsa-da Rossiyaga borish o‘rniga boshqa yo‘lni tanlashni tavsiya qilgan.
“O‘zbekistonda bir yilda bir millionga yaqin odam tug‘ilyapti. Albatta, O‘zbekiston iqtisodiyotiga shuncha odamni muntazam ish bilan ta’minlash, tabiiyki, qiyin. Bunday muammo boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda ham mavjud. Ko‘p inson tug‘ilar ekan, katta miqdordagi ishchi kuchini boshqa davlatlarga eksport qilishi ham tabiiy jarayon. Lekin men yoshlarimizga aytmoqchimanki, yigitlar, qizlar, shu Rossiyaga bormanglar, u yerda sizlarni urishadi, tepishadi, haqoratlashadi. Rossiyada sizni qadrlashmaydi, aksincha, oyoqosti qilishadi. Vaholanki, o‘zining xalqi qilmaydigan eng og‘ir ishni sizlar qilyapsizlar, afsuski, evaziga shunday “mukofot” olyapsizlar!” dedi rektor.
Uning bildirishicha, odatda, maktabda yomon o‘qigan, biron kasb-hunar o‘rganmaganlar Rossiyaga borib, eng og‘ir majburiyatlarda, eng og‘ir vazifada ishlashga tayyor bo‘ladi. Lekin buni shundoq ham o‘zining mehnat bozorida ishchi kuchi yetishmayotgan yoki urush harakatlarini olib borayotgan davlatning zodagon-amaldorlar qatlami tushunmaydi.
“Ukajonlar, do‘stlar, o‘qinglar, til bilinglar, yaxshi hunar o‘rganinglar, sizlarni Olmoniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlar kutyapti! Rossiya oligarxlari o‘z boyligini mamlakatdan osonlikcha olib chiqib ketayotgan bir paytda, bizning qorako‘zlar og‘ir va mashaqqatli mehnati evaziga bu pulni ishlab topishyapti. Lekin ularga buning farqi yo‘q! Ular qo‘llayotgan haqoratli so‘zlarga e’tibor bering: “obezyana”, “s**ka”, “baran” dedi, “chern***opiy”, “churka” deyapti... Bunday haqoratlarni eshitish juda og‘ir. Juda!”, deydi u.
Ma’lumot uchun, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining joriy yil boshida bergan ma’lumotlariga ishonilsa, 1,3 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijda mehnat migranti maqomini olgan va ularning 600 mingdan ortig‘i Rossiyada. Biroq norasmiy ma’lumotlarda O‘zbekistonning ro‘zg‘or dardida xorijga chiqib ketgan fuqarolari 3 milliondan ortiqligi, Rossiyada esa 1,5 milliondan ko‘p o‘zbekistonlik ishlayotgani keltirilgan. Rossiyada esa oxirgi yillarda mehnat muhojirlariga, ayniqsa, Markaziy Osiyodan borgan migrantlarga nisbatan qo‘pol munosabat urchib bormoqda. Mamlakatda migrantlarga nisbatan cheklovlar ham kundan-kunga ko‘paymoqda. Xususan, joriy yilning 30 iyun kunidan boshlab Rossiya bilan vizasiz rejimda bo‘lgan mamlakat fuqarolari Rossiyaga kirishidan oldin elektron ariza qoldirishi shart etib belgilandi. Buni amalga oshirmaganlar mamlakat hududiga kirolmaydi. Ma’lumot o‘rnida shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, joriy yil 10 aprel kuni Rossiya kuchishlatar tuzilmalari Moskvadagi “Bodrost” nomli hammomda markaziy osiyolikni migrantlarga nisbatan hayvon kabi munosabatda bo‘lgandi. O‘shanda Qirg‘iziston TIV Bishkekdagi Rossiya elchisiga bu bo‘yicha rasmiy notani topshirib, bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rishni talab qilgan.
“Bodrost” hammomiga asosan qirg‘izlar va o‘zbeklar tashrif buyurishi haqidagi xabarlardan so‘ng, O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga “Xorijiy mamlakatlarda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborgan. O‘sha hammomda o‘zbekistonlik migrantlar ham bo‘lgani haqidagi taxminlar ortidan QALAMPIR.UZ vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bilan bog‘landi. Vazirlik voizi tahririyatning “Bodrost” hammomida o‘tkazilgan o‘sha reydda o‘zbek migrantlari bor yoki yo‘qligi haqidagi savoliga javoban bu borada o‘rganishlar davom ettirilayotgani va tez orada rasmiy ma’lumotlar berilishini ma’lum qildi. Biroq TIV keyinchalik bu borada jamoatchilikka hech qanday ma’lumot taqdim qilmagan.
Ammo eng qizig‘i shundaki, Rossiya TIV Qirg‘izistonning yuqoridagi haqli talabiga o‘ta takabburona javob qaytargandi. Aslida bu kutilmagan holat ham emas. Kreml devorlari ortida hali ham imperialistik ruhning chirkin qoldiqlari saqlanib qolayotgani bugun hech kimga sir emas. Ular hibsga olish jarayoni aks etgan videolarga izoh berar ekan, operatsiya davomida chet el fuqarolari huquq-tartibot idoralarining xodimlariga qarshilik ko‘rsatgani, shu sababli ushbu xorijliklarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilganini bildirgan. Bu bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi kuchishlatar tuzilmalarning migrantlarga nisbatan qilgan zo‘ravonligini oqlagan. Yanada ajablanarlisi esa Rossiyaning Qirg‘izistondagi elchisi Sergey Vakunov TASS bilan suhbatda respublika aholisining Moskvadagi hammomda qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatni keskinlashtirmaslikka chaqirgandi o‘shanda. U mazkur voqelik ortidan bildirilayotgan gap-so‘zlar va rasmiy doiralarning harakatlarini shunchaki emotsional reaksiya deb atagan. Butun boshli Qirg‘iziston oliy hokimiyati irodasi qandaydir hissiy harakatga yo‘yildi. Ha, Vakunov bu gaplarni Qirg‘iziston yerlarida turib aytdi.
Ko‘ramiz, Samarqandga tashrifi boshlanishidanoq, samolyot trapidan tushishi bilan O‘zbekistonga nisbatan hurmatsizlik qilgan Sergey Lavrov boshchiligidagi idora bu safar O‘zbekistonning notasiga qanday javob qaytararkan?
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr