O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston gaz bo‘yicha kelishuvni tezlashtirish niyatida

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirliklari hamda “Gazprom” gaz sohasida uch tomonlama hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirish niyatida. Bu haqda kecha, 9 fevral kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 9 fevral kuni “Gazprom” rahbari Aleksey Miller hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirlari Jo‘rabek Mirzamahmudov va Bolat Aqchulakov muzokaralar o‘tkazgan. Unda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhining dastlabki texnik baholari muhokama qilingan. 

“Uchrashuv yakunida uch tomonlama tadqiqotlarning navbatdagi bosqichini jadallashtirish va ularning natijalariga ko‘ra qisqa muddatda uch tomonlama uchrashuvni qayta tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda. 

9 fevral kuni “Gazprom”ning xabar berishicha, uchrashuv ishtirokchilari gaz sohasida uch tomonlama hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilganlar. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘istonga “uch tomonlama gaz ittifoqi” tuzishni taklif qilgan edi. Joriy yilning yanvar oyida “Gazprom” O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika vazirliklari bilan gaz sohasida hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama “yo‘l xaritalari”ni imzolagan edi. 

O‘zbekiston Energetika vazirligi rahbarining aytishicha, yo‘l xaritasida texnik shartlarni o‘rganish, so‘ngra Rossiya gazining Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlari orqali o‘tuvchi “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali tranziti ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, u gaz yetkazib berishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartlari haligacha kelishilmaganini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing