O‘zbekiston Rossiya bilan 5,8 mlrd dollarlik 104 ta loyiha ustida ishlamoqda
Jamiyat
−
16 Sentabr 2020
6458O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi sohasida 5,8 mlrd dollar miqdorida 104 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda kecha, 15 sentyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk o‘rtasida kechgan uchrashuvda so‘z borgan.
Qayd etilishicha, joriy yilning sakkiz oyi davomida 209 qo‘shma korxona tashkil etilgan. Rossiya kapitali ishtirokidagi O‘zbekistondagi korxonalarning umumiy soni so‘nggi uch yil ichida ikki baravarga ko‘payib, 2 mingtadan oshgan.
“Ayni paytda sanoat kooperatsiyasi sohasida 5,8 mlrd dollar miqdorida 104 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqilmoqda. Qo‘shma loyihalar keyinchalik uchinchi mamlakat bozorlariga sotilishi uchun har ikki mamlakat hududida yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan. Shuningdek, yangi natijador loyihalarni birgalikda ishlab chiqish orqali investitsiyaviy sheriklikni yanada kengaytirish uchun ustuvorliklar belgilandi”, deyiladi O‘zbekiston tomonidan berilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasida tovar aylanmasini oshirish uchun qulay sharoit shakllantirishga imkon yaratadigan bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar kelishuvini jadallashtirish mexanizmlari ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuvda kelishilgan loyihalar va tashabbuslarni tezkor ravishda tatbiq etish va amalga oshirish jarayonini har oyda ko‘rib chiqish hamda O‘zbekiston va Rossiya ishbilarmon doiralarini investitsiyaviy sheriklikni oshirish imkoniyatlari va ikki tomonlama savdo hajmini ko‘paytirish mexanizmlari to‘g‘risida xabardor qilishga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, Aleksey Overchuk kecha, 15 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan edi.
LiveBarchasi