O‘zbekiston retsept bilan dori sotishni qaydan o‘rgandi?

Salomatlik

image

O‘zbekistonda 12 dekabrdan boshlab dorixonalarda ko‘plab dori vositalari faqat shifokor retsepti asosida berilishni boshladi. Bunda fuqarolar antibiotiklar, gormonal va kuchli ta’sir etuvchi hamda shu kabi dorilarni DMED tizimi orqali  elektron retsept bilan xarid qilishlari mumkin bo‘lyapti.

Faqat ayrim yengil dori vositalari to‘g‘ridan to‘g‘ri sotiladi. Xo‘sh, bu tartib dunyoda qanday ishlaydi?

Yevropa Ittifoqi

Yevropa Ittifoqida antibiotiklar va kuchli dorilarni retsept bilan sotish tizimi qariyb 100 yildan beri mavjud. Xususan, Germaniya, Fransiya, Italiyada 1950 yillar o‘rtalaridan boshlab antibiotiklar faqat maxsus retsept bilan beriladi. 2001 yili YeIda dori vositalarini “Prescription only” va “OTC” toifalariga ajratish yagona standart sifatida mustahkamlandi. 

Prescription only – bu faqat vrach retsepti bilan beriladigan dori-darmonlar bo‘lib, agar dori kuchli ta’sir qilsa yoki noto‘g‘ri qabul qilinsa, jiddiy asorat keltirib chiqarsa yoxud dozasi individual tanlanishi kerak bo‘lsa, boshqa dorilar bilan xavfli reaksiyaga kirishsa bunday vositalar “Prescription only” hisoblanadi. Masalan, antibiotiklar, gormonal preparatlar, qon bosimi, yurak va diabet dorilari, psixotrop va sedativ preparatlar shular sirasiga kiradi. Yevropada bu turdagi dorilarni hech kim o‘zboshimchalik bilan sotolmaydi.

OTC (Over The Counter) — retseptsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri sotiladigan dorilar bo‘lib, ta’siri yengil, xavfi past, oddiy holatlarda ishlatiladigan, qisqa muddat qabul qilinadigan dorilar bu turkumga kiradi. Masalan, Paratsetamol, Ibuprofen, vitaminlar, yod, perekis, shamollashga qarshi yengil preparatlar. Yevropada bunday dorilarni vrachga bormasdan xarid qilish mumkin.

Bunday standartlarni joriy etishdan asosiy maqsad – odamlarni o‘zboshimchalik bilan davolanishdan himoya qilish ekanligi aytiladi. Yevropa ittifoqi bo‘ylab 2011–2015 yillarda elektron retsept tizimi keng joriy etildi. Bunday tartib Yevropa xalqlari uchun me’yor, tibbiy madaniyat darajasiga ko‘tarilgan, qora bozor shakllanmagan. 

AQSHda bu tartib qachondan bor?

1951 yil AQSHda “Durham–Humphrey Amendment” qabul qilindi va bu retsept bilan dori yozish tartibi majburiy bo‘lgan ilk hujjat hisoblanadi.  Shu tariqa farmbiznes, farmatsevtika standartlarini o‘zgartirish, tibbiy madaniyatni tubdan yaxshilash davri boshlandi. Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya shu modelni namuna qilib oldi. 

Durham–Humphrey Amendment – bu qisqacha qilib tushuntirganda, AQSHda dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz sotishni qonuniy ravishda ajratib bergan qonun. Unga ko‘ra, zamonaviy farmatsevtika tizimining huquqiy asosi yaratildi.

O‘sha paytdan boshlab AQSHda vrach ruxsati bilan beriladigan dorilar qutisida “Caution: Federal law prohibits dispensing without prescription” (Ogohlantirish: federal qonun retseptisiz berilishini taqiqlaydi) yozuvi bo‘lishi majburiy qilindi. 

Umuman, 1940 1950 yillarga kelib antibiotiklar (ayniqsa penitsillin) keng tarqaldi, kuchli ta’sir qiluvchi dorilar soni keskin oshdi, odamlar mustaqil ravishda davolanib og‘ir asoratlarga duch kela boshladi. Mazkur qonun qonun ilk bor rasman retseptsiz va retsept bilan beriladigan dorilar nomini aniq ajratib berdi. Bugun butun dunyo ishlatayotgan Prescription / OTC tizimi aynan shu qonundan boshlangan. 

Bugungi kunda ham AQSH eng qat’iy retsept tizimiga ega davlat hisoblanadi. O‘tgan vaqt davomida dori-darmonlar uchun retsept yozish standartlari yanada qat’iylashgan bo‘lib, dori vositasining samaradorligi asosiy mezon sifatida belgilangan, ya’ni dorining inson salomatligi uchun xavfsiz ekanligi yetarli emas, u kasallikni davolashda samara keltirishi kerak.

O‘zbekiston ham aholi orasida tibbiy madaniyatni yaxshilash va tartibsiz rivojlanayotgan farmbiznes tarmog‘ini tartibga solish jarayonini, kech bo‘lsa-da, boshlaganini ijobiy baholash mumkin.

Yaponiya va Janubiy Koreya tajribasi

Yaponiya va Janubiy Koreya Osiyoda sog‘liqni saqlash tizimi eng tartibga solingan davlatlar qatoriga kiradi. Ikki mamlakatda ham dori vositalarini sotish qat’iy qonunchilik, aniq toifalash va shifokor-farmatsevt vazifalarining ajratilganiga asoslangan.

Yaponiyada shifokor va farmatsevt funksiyalari qat’iy ajratilgan. Ularda holining tibbiy madaniyati yuqori bo‘lib, ruxsatisiz davolanish deyarli uchramaydi.

Yaponiyada 1960 yillarda farmatsevtika bozori va dori-darmonlarni sotish tartibi qonunan AQSH standartlari asosida belglandi. Kunchiqar yurtda 2014 yilga kelib bu boradagi qonunchilik va amaliyot jiddiy ravishda qayta ko‘rib chiqildi. Bu qonun dori ishlab chiqarish, klinik sinov, sotish, reklama bosqichlarni qamrab olishi bilan alohida ahamiyatlidir. Yaponiyada dori reklamasi to‘liq taqiqlanmagan, lekin u juda qattiq cheklangan va qat’iy qoidalarga asoslangan. 

Yaponiyada dorilar 4 toifaga bo‘lingan: 

  1. Faqat vrach retsepti bilan sotiladigan dorilar: antibiotiklar, gormonal preparatlar, yurak-qon tomir, diabet dorilari, psixotrop vositalar. Bu dorilarni retseptsiz sotish jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. 
  2. cheklangan dori-darmonlar bo‘lib, bunday dorilar faqat litsenziyali farmatsevt maslahati bilan sotiladi. 
  3. qisman cheklangan turdagi dori-darmonlar bo‘lib, farmatsevt yoki maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodim orqali sotiladi
  4. cheklovsiz sotiladigan dorilar. Bunday turdagi vositalar erkin sotiladi, masalan, vitaminlar. 

Janubiy Koreyada 2000 yilda mazkur sohada katta islohot o‘tkazilgan. O‘sha vaqtdagi tartibga ko‘ra, shifokor o‘zi dori yozib, dorixona orqali sotishi mumkin edi. Bu – ortiqcha dori yozish, antibiotikka qaramlik singari muammolarni keltirib chiqargan. Hozir esa shifokor faqat retsept yozadi, farmatsevt faqat sotadi. Bu tizim “Retsept yozish va dori sotishni ajratish” deb ataladi. Shuningdek, retseptsiz va retsept bilan sotiladigan dorilar turkumi qat’iy ajratilgan.

Rossiya

Rossiyada sobiq SSSR vaqtida vrach retsepti bilan dori sotish tartibi belgilangan. Qisqacha aytganda: SSSRda retseptsiz va retsept bilan beriladigan dorilar tamoyili amalda bor edi, lekin u bozor emas, davlat tizimi asosida ishlagan, chunki u vaqtda barcha dorixonalar davlatniki, barcha vrachlar – davlat xizmatchilari, dori ishlab chiqarish, taqsimot va sotish – markazlashgan reja asosida. Shu sababli, dori tijorat mahsuloti emas, balki ijtimoiy tibbiy resurs hisoblangan. Shu joyini eslab qoling. Bu tizim qanday qilib barbod bo‘lgani, o‘zini oqlamagani ham aynan mana shu omilga asoslanadi. 
Quyida buni tushuntiraman. SSSRda retseptsiz dori sotish mumkin edi, faqat cheklangan dori-darmonlarni. Davlatda dorilar uch toifaga bo‘lingan: 

  • Retsept bilan beriladigan dorilar. Bular: antibiotiklar, gormonal preparatlar, yurak, qon bosimi uchuvn dorilar, psixotrop va zaharli vositalar. 
  • Retseptsiz (erkin) dorilar. Bular: aspirin, analgin, validol, yod, zelenka, vitaminlar. 
  • Qat’iy hisobdagi dorilar. Bular: narkotik, psixotrop vositalar, morfin, kodein kabilar. Bunday vositalar maxsus jurnallar, muhrlar va hisob-kitob orqali berilardi.

SSSRda shifokor faqat retsept yozardi, dorini sotolmasdi, dorixona dorini “maslahat bilan tavsiya” qilmasdi. Bu tizim o‘z vaqtida yaxshi ishglagan. Sababi vrachga murojaat bepul edi, tibbiy xizmat ommaviy va hududiy yaqin, dori narxi arzon va subsidiyalangan, farmatsevtning tijorat manfaati yo‘q edi.

Shu bois, aholi dori olish uchun: “Avval shifokor, keyin dorixona”, degan zanjirga odatlangan. U paytlarda dori reklamasi taqiqlangan.
Shu bilan birga, muammolar ham bor edi. Adolat uchun aytish kerak: ayrim dorilar yetishmasdi, “tanish-bilish” orqali olish holatlari bo‘lgan, asosiysi, dori tanlovi cheklangan edi. 

Bu davlat parchalangach, 1990 yillarda sohada davlat monopoliyasi yo‘qoldi, xususiy dorixonalar paydo bo‘ldi, nazorat zaiflashdi, retsept talab qilish amalda sustlashdi.

Shu bois, postsovet davlatlarida antibiotiklar erkin sotilib, o‘zboshimchalik bilan davolanish avj oldi. Bugungi islohotlar mohiyatan SSSR modeliga qaytish emas, balki jahon standarti va bozor sharoitini uyg‘unlashtirishga urinish.

Rossiyaning o‘zida esa bu borada dugun ham muammolar yetarlicha. 2017 yilda Roszdravnadzor antibiotiklarni retseptisiz sotishga qarshi keng ko‘lamli tekshiruvlarni boshladi. Lekin ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketdi, shu bois bugun Rossiyada yerda qonun bor, ijrosi zaif. Aptekalardan retseptsiz bemalol dori xarid qilish mumkin.

Qo‘shnilarda vaziyat qanday?

Qozog‘istonda 2020 yil COVID-19 pandemiyasidan so‘ng, antibiotiklarni retseptsiz sotish qat’iy taqiqlandi. 2021 yilga kelib nazorat kuchaytirildi, elektron retsept tizimi qat’iylashdi. Pandemiya Qozog‘istonda islohotni tezlashtirgan omil bo‘ldi. Bugungi kunda retseptsiz va retsept bilan sotiladigan dorilar ro‘yxati mavjud, biroq bozor to‘liq tartibga solinmagan.

Bu borada Turkmaniston sobiq ittifoq modelini butunlay yo‘qotmay, rivojlantirib, tartibni nisbatan saqlab qolgan, deyish mumkin. Turkmanistonda dorixonalarning katta qismi davlat nazoratida, markazlashgan tarzda boshqariladi. Amalda antibiotiklarni ham retseptsiz olish juda qiyin. Turkmanistonda xususiy dorixonalar cheklangan, nazorat kuchli, dori reklamasi deyarli yo‘q. Dori-darmon tanqisligi, asosiy assortimentning cheklanganligi esa boshqa masala. Bunday muammo bizda ham bor.

Qirg‘iziston va Tojikistonda ham retsept bilan dori sotishni qat’iylashtirish tartibi bosqichma-bosqich rivojlantirilyapti. 


Maqola muallifi

Teglar

dori retsept farmatseftika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing