O‘zbekiston rahbari SHHT sammitida 5 muhim masalani ilgari surdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoanjuman tarzida tashkil etilgan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida ishtirok etib, beshta muhim masalani ilgari surdi. 

Birinchidan. Iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari alohida e’tiborni talab qilmoqda.

“Asosiy maqsadimiz – savdo-iqtisodiy aloqalar va sanoat kooperatsiyasini jonlantirish.

Bunga erishishning eng samarali usuli o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, ularni uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi elektron tijoratni rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirishni nazarda tutadigan inqirozga qarshi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdan iboratligiga ishonaman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishga yangi, shu jumladan “nostandart” yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqishni taklif etdi. 

Uning ta’kidlashicha, ushbu dasturlar Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha SHHT rejasining asosi bo‘lishi lozim.

Shuningdek, Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish hayotiy muhim ahamiyatga ega.

“Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasida Sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturini qabul qilish tarafdorimiz”, deydi Prezident.

Ikkinchidan. Pandemiya raqamlashtirish jarayonini tezlashtirdi. Axborot texnologiyalari iqtisodiy o‘sish “drayveri”ga aylanib bormoqda.

“O‘zaro kelishilgan o‘quv dasturlari asosida aholini o‘qitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqishni taklif etaman.

Ushbu sammitning Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikka doir bayonoti o‘z vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblaymiz”, deydi Mirziyoyev.

Uchinchindan. Bugungi sharoitda birgalikdagi sa’y-harakatlarni aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirishga yo‘naltirish muhimdir.

“Bu boradagi hamkorligimizni muvofiqlashtirish maqsadida qashshoqlikka qarshi kurashish uchun mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining yig‘ilishlarini o‘tkazish mexanizmini yaratish zarur, deb o‘ylayman.

SHHTga a’zo davlatlarning ushbu yo‘nalishdagi hamkorligi dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan choralarni ishlab chiqish uchun O‘zbekistonda xalqaro forum o‘tkazishni taklif etaman”, degan Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Unga ko‘ra, ushbu tashabbusni ro‘yobga chiqarishda Xitoy Xalq Respublikasining muvaffaqiyatli tajribasi foydali bo‘ladi. 

To‘rtinchidan. Mamlakatlarimizda aholi sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan yangi xatar va tahdidlarga birgalikda qarshish kurashish ko‘lamini kengaytirish juda muhim ahamiyatga ega.

“Bugun insoniyat avval ma’lum bo‘lmagan infeksiyalar bilan to‘qnash kelmoqda. Ularga qarshi kurashish kundalik turmushimizning bir qismiga aylanmoqda.

Shu munosabat bilan bugungi sammitda Epidemiya tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning kompleks rejasi qabul qilinishini olqishlaymiz.

Uning amalga oshirilishini ta’minlash, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishi to‘g‘risidagi axborot bilan ta’sirchan almashinuvni yo‘lga qo‘yish muhimdir.

Mamlakatlarimizning sohaga ixtisoslashgan shifoxonalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratishni taklif etamiz.

Ushbu tarmoq doirasida infeksion kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish va davolash bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma vrachlar guruhlari faoliyatini tashkil etish va ularni tayyorlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkin”, degan Prezident.

Fursatdan foydalanib, Shavkat Mirziyoyev barcha sheriklarga, avvalo Rossiya va Xitoyga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda ko‘rsatilgan katta yordam va ko‘mak uchun minnatdorlik bildirgan.

“Pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlashga yangi masofaviy texnologiyalarni joriy etish zarurati ham ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan Teletibbiyot sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Konsepsiyada vrachlarni keng turdagi kasalliklarni davolashda teletibbiyot usullariga o‘qitish hamda ushbu sohadagi ilg‘or tajriba almashishni nazarda tutish muhim”, degan O‘zbekiston rahbari.

Beshinchidan. Bugungi sharoitda terrorizm, ekstremizm va narkobiznes tahdidlari nafaqat susaymayapti, balki kuchayib, yangi shakllar kasb etmoqda.

“Yoshlarni yollash va radikallashtirish, terrorchilarni moliyalashtirishda axborot texnologiyalari, ijtimoiy tarmoqlarning roli ortib bormoqda.

Shu ma’noda, SHHTning Mintaqaviy aksilterror turizmasini Tashkilot makonida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi vazifalarni hal qilishga moslashtirish zarurati ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan vakolatli idoralarning amaliy muloqotlarini bir necha barobar ko‘paytirish, hamkorlikning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish zarur, deb hisoblaymiz.

Joriy vaziyatni muntazam muhokama qilish, shu jumladan axborot makonidagi xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi qo‘shma chora-tadbirlarni kelishish muhim.

Pirovardida, SHHT mintaqasida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga umumiy hissamiz shunga bog‘liqdir”, deydi Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari bayon etilgan barcha yo‘nalishlarda kuzatuvchi mamlakatlar, muloqot bo‘yicha sheriklar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni faollashtirishni taklif etdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev ShHT majlisi

Baholaganlar

41

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing