O‘zbekiston Prezidenti To‘qayevni tabrikladi
Jamiyat
−
08:45 1487 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga maktub yo‘llab, mamlakatning yangilangan parlamenti – Qurultoyga saylovlar xalqaro standartlar va demokratik tamoyillar asosida muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari ushbu tarixiy voqea Qozog‘iston siyosiy tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va parlament rolini sezilarli darajada kuchaytirishda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidlagan.
Saylovlarda fuqarolarning faol ishtiroki Qosim-Jomart To‘qayev rahbarligida amalga oshirilayotgan, Qozog‘istonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash, uning xalqaro maydondagi nufuzi va ta’sirini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli konstitutsiyaviy va ijtimoiy-siyosiy islohotlar xalq tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin tasdig‘i ekani qayd etilgan.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatda ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bilan bog‘langan qardosh qozoq xalqi zaminida bugun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarning yuksak natijalaridan samimiy mamnun ekanini ta’kidlagan.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlik ikki do‘st mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari ruhida yangi sifat bosqichiga ko‘tarilishiga ishonch bildirilgan.
Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev Qosim-Jomart To‘qayevga mustahkam sog‘lik, farovonlik va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, qardosh Qozog‘iston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilagan.
Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda kecha, 23 avgust kuni tarixda ilk bor yangi bir palatali parlament – Qurultoy deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovda 145 ta deputatlik o‘rni uchun 7 ta siyosiy partiyadan 545 nafar nomzod qatnashdi. Ovoz berishda 9,35 milliondan ortiq saylovchi ishtirok etgan, davomat 74,19 foizni tashkil qilgan.
Dastlabki ekzitpollarga ko‘ra, Prezident Qosim-Jomart To‘qayevni qo‘llab-quvvatlovchi “Adolat” partiyasi 70,7–72,3 foiz ovoz bilan yaqqol peshqadam bo‘lgan. “Ovul” 6,2–6,4 foiz, respublikachilar 5,2–5,5 foiz, “Oq yo‘l” va OSDP esa qariyb 5 foiz ovoz olgan. Qozog‘iston Xalq partiyasi va “Baytaq” 5 foizlik natijadan o‘ta olmagan.
Saylov mamlakatda yangi Konstitutsiya qabul qilinib, avvalgi ikki palatali parlament o‘rniga bir palatali Qurultoy tashkil etilganidan keyingi birinchi parlament saylovi bo‘ldi. Rasmiy yakuniy natijalar esa hali e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘istonda keng ko‘lamli modernizatsiya amalga oshirilayotganini aytib, bo‘lajak Qurultoy saylovlarini mamlakat uchun eng muhim voqealardan biri deb atagandi.
Live
Barchasi