O‘zbekiston Pokiston bilan harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik qiladi
Jamiyat
−
07 avgust 2023
2888O‘zbekiston hamda Pokiston Islom Respublikasi hukumatlari o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ratifikatsiya qilindi. Bunga oid qonun joriy yilning 5 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Bitimning asosiy maqsadi teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik tamoyili asosida ikki mamlakat o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish hisoblanadi.
Shuningdek, u O‘zbekiston hamda Pokiston o‘rtasidagi harbiy-texnikaviy sohadagi hamkorlik ikki davlat qurolli kuchlarining mudofaa salohiyatini yanada oshirish va mintaqaviy xavfsizlik asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga tashrifi chog‘ida hukumatlar va idoralar o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik, imtiyozli savdo to‘g‘risida, atrof-muhitni asrash, ziyorat turizmi, temir yo‘l sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar, Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi, Toshkent shahri bilan Islomobod shahri o‘rtasida shartnomalar kabi 10 ga yaqin hujjat imzolangan edi.
LiveBarchasi