O‘zbekiston Parij-2024 ga ilk litsenziyani qo‘lga kiritdi.
Sport
−
14 iyun 2022
4463Fransiyaning Shatoru shahrida para o‘q otish bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon kubogida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan paralimpiyachi Server Ibragimov 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Bu haqda O‘zbekiston Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 4-12 iyun kunlari Fransiyaning Shatoru shahrida para o‘q otish bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon kubogida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Server Ibragimov erkaklar o‘rtasida 50 metrga to‘pponchadan otish bo‘yicha bahslarda 200.7 ochko jamg‘argan holda bronza medaliga, 10 metrga pnevmatik to‘pponchadan otish bo‘yicha bahslarda esa 217.1 ochko jamg‘arib, kumush medalga sazovor bo‘lgan.
Ta’kidlash kerakki, Server Ibragimov ushbu natijasi bilan O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga 2 ta medalni yozdirib qo‘yish bilan bir qatorda, 2024 yil Parijda bo‘ladigan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri litsenziyani ham qo‘lga kiritdi. Bu orqali Server Ibragimov Parij 2024ga litsenziya qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik sportchiga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, Server Ibragimov para o‘q otish bo‘yicha bir necha bor Jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori, shuningdek Rio-2016 yozgi Paralimpiya o‘yinlari bronza medali sohibi hisoblanadi.
LiveBarchasi