O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasida Toshkent deklaratsiyasi imzolandi

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 2 avgust kuni “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” muloqot formatining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi va Turkiya Respublikasi tashqi ishlar, savdo/iqtisodiyot va transport vazirlarining Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. 

Vazirlar (keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb yuritiladi):  

•    uch mamlakat o‘rtasida o‘zaro hurmat,  ishonch va umumiy manfaatlar tamoyillariga asoslangan mustahkam strategik sheriklikni ta’kidlab;

•    o‘z davlatlarining bir-birlarining suvereniteti,  hududiy yaxlitligi va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar daxlsizligini qat’iy va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan holda;

•    Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavi maqsadlariga,  xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga sodiq qolib;

•    savdo,  investitsiya,  sanoat,  transport va kommunikatsiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va ilgari surish ortib borayotgan ahamiyatini anglagan holda;

•    “Trans-Kaspiy-Sharqiy-G‘arbiy-O‘rta yo‘lak” (keyingi o‘rinlarda O‘rta yo‘lak) – multimodal transport yo‘nalishi, jumladan, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya ittifoqchi davlatlari hududlari orqali o‘tuvchi tranzit yo‘laklar salohiyatini oshirish muhimligini ta’kidlab;

•    O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiyaning yuqori tranzit salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida, shu jumladan TRASEKA doirasida xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha uch davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligini e’tirof etib;

•    aloqalarni, jumladan, transport aloqalari, axborot-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish orqali yanada mustahkamlash muhimligini ta’kidlab;

•    COVID-19 pandemiyasining uch davlat hududlari bo‘ylab transport va tranzit operatsiyalariga ta’sirini e’tirof etib va pandemiyadan keyingi tiklanish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligini qayd etib;

•    O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan uch tomonlama hamkorlikning hozirgi formatini yuqori baholab quyidagilarni e’lon qildi:  

1) Tomonlar o‘zaro manfaatdor bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishda qat’iy ekanligini bildiradilar.

2) Tomonlar o‘zlarining xalqaro tan olingan chegaralari doirasida bir-birlarining hududiy yaxlitligini to‘liq hurmat qilishlarini yana bir bor ta’kidlaydilar va ishtirokchi davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi harakatlarga qarshi bir-birlarining sa’y-harakatlarini xalqaro huquq normalariga muvofiq qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qiladilar.

3) Tomonlar Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili ekanligini e’tirof etadilar, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning to‘siqlarsiz gumanitar yordam ko‘rsatish, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini davom ettirish hamda inklyuziv boshqaruv va afg‘on manfaatdor tomonlari o‘rtasida muloqot muhimligini ta’kidlaydilar.

4) Tomonlar iqtisodiyot, savdo, investitsiya va transport sohasida, shu jumladan transport va tranzit kommunikatsiyalarining barcha turlarida hamkorlikning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini davom ettirishda qat’iy qarorlarini bildiradilar.

5) Tomonlar eksport-import imkoniyatlarini o‘rganish va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning yangi shakllarini izlash orqali uch davlatning o‘zaro manfaatli sohalarga investitsiyalarini yanada ko‘paytirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishda ishbilarmon doiralar, savdo-sanoat palatalari, shuningdek, sanoat va tadbirkorlik birlashmalari orqali bevosita aloqalarni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildiradilar.

6) Tomonlar sanoat, dasturiy ta’minot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli savdo sohalarida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirishga harakat qiladilar.

7) Tomonlar oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratadilar hamda qayd etilgan sohalarda umumiy xavotirlarni bartaraf etish maqsadida hamkorlik qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettiradilar.

8) Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni barcha yo‘nalishlarda kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar, shuningdek, energetika, xususan, qayta tiklanadigan energiya sohasida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldilar.

9) Tomonlar Ozarbayjon Respublikasining Qorabog‘ va Sharqiy Zangazur viloyatlariga sarmoya kiritish orqali Ozarbayjonni mojarodan keyingi reabilitatsiya, rekonstruksiya va reintegratsiya sa’y-harakatlariga hissa qo‘shish muhimligini ta’kidlaydilar va Ozarbayjon tomoni Turkiya va O‘zbekiston kompaniyalarining Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarini tiklash va qayta qurish loyihalari infratuzilmasidagi ishtirokini yuqori baholaydi.

10) Tomonlar samarali, uzluksiz va to‘siqsiz transportatsiya, o‘z davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish zarurligini ta’kidlaydilar va hamkorlikni quyidagi qo‘shma sa’y-harakatlar rejasi orqali yanada chuqurlashtirish zarur, deb hisoblaydilar:  

•    zarur transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish;

•    tizim operatsiyalarni soddalashtirish, shu jumladan transport, bojxona va chegaradan o‘tish tartib-qoidalarini raqamlashtirish hamda eTIR, ePermit, eCMR vositalari, eCIM va eCIM/SMGS, shuningdek, multimodal tashish uchun BMT/SEFAKT tomonidan ishlab chiqilgan standartlarni tegishli tarzda qo‘llash;

•    raqobatdosh transport koridorlari mavjud bo‘lgan mintaqaviy va ko‘p tomonlama forumlarda o‘z davlatlari hududlari, shu jumladan O‘rta yo‘lak orqali o‘tuvchi transport yo‘nalishlarini ilgari surish uchun mintaqaviy hamkorlik tashkilotlari doirasida umumiy pozitsiyalarni shakllantirish bo‘yicha muvofiqlashtirishni kuchaytirish;

•    Baku-Tbilisi-Kars liniyasi orqali temir yo‘l salohiyatidan foydalangan holda Xitoy-Yevropa yo‘nalishidagi dengiz portlaridan O‘rta yo‘lakka qo‘shimcha yuklarni jalb qilish;

•    ishtirokchi davlatlarning transport operatorlari uchun port xizmatlari va tashish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash;

•    o‘rta transport yo‘lagini tijoratlashtirish, shu jumladan, ushbu yo‘lak imkoniyatlaridan samarali foydalanib, maksimal foyda olish maqsadida xususiy transport operatorlarining faol ishtirokini kengaytirish;

11) Tomonlar xalqaro transport aloqalarini kengaytirish uchun Sharqiy Zangazur va Ozarbayjon Respublikasining Naxichevan Muxtor Respublikasini bog‘lovchi Zangazur yo‘lagini ochish zarurligini ta’kidlaydilar.

12) Tomonlar O‘zbekistonning “Termiz – Mozori Sharif – Qobul – Peshovar” strategik temir yo‘l liniyasini qurish bo‘yicha tashabbusi muhimligini ta’kidlaydilar va “O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy” temir yo‘l qurilishi loyihasini qo‘llab-quvvatlashlarini bildiradilar.

13) Tomonlar O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiyaning infratuzilma imkoniyatlari va sanoat afzalliklaridan, jumladan, transport-logistika markazlari, dengiz va quruqlik portlari, kemasozlik zavodlari, iqtisodiy zonalar, ilmiy-innovatsion markazlar, texnoparklardan foydalanishda xususiy sektorning faol rolini e’tirof etadilar.

14) Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi va Turkiya Respublikasi a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar doirasida, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti uning ixtisoslashgan idoralari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash doirasida o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidlaydilar.  

Tomonlar uchrashuvni muvaffaqiyatli tashkil etgani uchun O‘zbekiston tomoniga chuqur minnatdorlik bildirdilar.  

Ikkinchi uch tomonlama kengash o‘zaro kelishilgan sanada Turkiya Respublikasida o‘tkazishga qaror qilindi.  

2022 yil 2 avgustda har biri ingliz tilida bo‘lgan uch asl nusxada Toshkent shahrida imzolandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent deklaratsiyasi

Baholaganlar

60

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing