O‘zbekiston Ozarbayjon bilan birga kema qurish loyihalarida qatnashishi mumkin
Jamiyat
−
10 avgust 2023
3840O‘zbekiston Kaspiy dengizida o‘z kemalariga ega bo‘lishdan manfaatdor. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov Ozarbayjonning “Report.az” axborot agentligiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Bekzod Xolmatov Kaspiy dengizida o‘z kemalarining mavjudligi Transkaspiy yo‘nalishi bo‘ylab yuk tashish hajmining oshishiga xizmat qilishini aytgan.
“O‘zbekiston ham Ozarbayjon bilan birgalikda kema qurish loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdor. Toshkent bu borada boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyor”, degan Xolmatov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi paytda O‘zbekiston Baku portida o‘z terminalini qurish bo‘yicha ishlarni olib bormoqda.
Shu bilan birga, transport vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston importchilari Baku porti bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekani va mineral o‘g‘itlar terminalini uzoq muddatga ijaraga olishi yoki uni yaratishga sarmoya kiritishini bildirgan. Uning aniqlik kiritishicha, hozir bu masala o‘rganilmoqda, texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston dunyoda “ikki karra qulflangan” (double locked countries) toifasiga kiruvchi ikki davlatdan biridir. Bu shuni anglatadiki, okeanlarga chiqish uchun kamida ikkita davlat chegarasini kesib o‘tish kerak. Shunga qaramasdan, 2022 yilda O‘zbekistondan Baku porti orqali eksport-import yuk tashish hajmi 904 ming tonnani tashkil etgan, bu 2021 yilga nisbatan 65 foizga ko‘pdir. Oziq-ovqat yuklarini, jumladan, shakar xomashyosi, mineral o‘g‘itlar va konteynerlarni tashish hajmi oshgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Ozarbayjon O‘zbekistonga Baku dengiz porti infratuzilmasini imtiyozli shartlar asosida uzoq muddatli ijaraga berishni taklif qilgan edi.
LiveBarchasi