O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida 32 yildan so‘ng o‘q otishdan oltin medal oldi

Sport

image

Bugun, 24 sentyabr kuni Yaponiyaning Aychi–Nagoya shaharlarida o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarining 5-kuni doirasidagi bahslar davom etmoqda. Kun doirasidagi o‘q otish sport turlari bahslarida O‘zbekiston delegatsiyasi 32 yildan so‘ng oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Pnevmatik to‘pponcha bilan 10 metr masofaga otish dasturida ishtirok etgan Vladimir Svechnikov Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ushbu g‘alaba O‘zbekistonning o‘q otish sport turlarida Osiyo o‘yinlarida 32 yillik tanaffusdan keyin qo‘lga kiritgan ilk oltin medali bo‘ldi. Shuningdek, Svechnikov finalda 244,3 ochko jamg‘arib, Osiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi.

Shuningdek, kun doirasida bo‘lib o‘tgan akademik eshkak eshish bahslarining W2x dasturida ishtirok etgan Aydana Smetullayeva va Anna Aksyonova finishga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Shahboz Xolmurzayev, Davrjon Davronov, Mehrojbek Mamatqulov, Pavel Sorin to‘rtligi M4x yo‘nalishida 5:48.96 soniya natija qayd etdi va bronza medalga ega chiqdi.

Fazliddin Karimov, Dilshodjon Xudoyberdiyev, Maksim Golubev, Alisher Turdiyev kvarteti esa erkaklar o‘rtasidagi akademik eshkak eshish to‘rtlik dasturida 5:51.68 soniya natija bilan ikkinchi bo‘ldi va kumush medalga ega chiqdi.

Hozirga kelib O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo o‘yinlaridagi jami medallar soni 23 taga (4 ta oltin, 11 ta kumush va 8 ta bronza) yetdi. Shu tariqa, O‘zbekiston umumjamoa hisobida 7-o‘ringa ko‘tarildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo o‘yinlarida oltin medal olgan o‘zbekistonlik sportchilarga 25 000 AQSH dollari miqdorda pul mukofoti berilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing