O‘zbekiston oltin eksportini qayta tikladi
Jamiyat
−
27 may 2062 2 daqiqa
Yarim yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston oltin eksportini qayta tikladi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumoilarda keltirilgan.
Unga ko‘ra, joriy yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakat 1,5 mlrd AQSH dollari qiymatidagi oltinni eksport qilgan.
Ushbu eksportning asosiy qismi aprel oyiga to‘g‘ri kelgan. O‘zbekiston yiliga qariyb 130 tonna oltin qazib oluvchi mamlakatlar qatoriga kiradi. Shu sababli, oltin mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim strategik resurs hisoblanadi. U nafaqat eksport tushumlarini oshiradi, balki byudjet barqarorligi va valyuta zaxiralari uchun ham katta ahamiyatga ega.
2025 yilning sentyabr oyidan keyin O‘zbekiston oltin eksportini amalda to‘xtatib qo‘ygan. Bu davrda Markaziy bank dunyodagi qimmatbaho metalning eng yirik xaridorlaridan biriga aylangan. Ya’ni, mamlakat oltinni tashqi bozorga chiqarishdan ko‘ra, zaxiralarni mustahkamlashni afzal ko‘rgan.
Ekspertlar bunday qarorning bir nechta asosiy sabablarini keltirmoqda.
Birinchidan, jahon bozorida oltin narxi rekord darajaga yetdi. Bunday vaziyatda shoshilinch sotuv emas, balki strategik kutish foydaliroq bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, oltin-valyuta zaxiralarini ko‘paytirish iqtisodiy xavfsizlik uchun muhim vazifa hisoblanadi.
Oltin O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘ziga xos “xavfsizlik yostiqchasi” vazifasini bajaradi. Jahon bozorlarida noaniqlik kuchayganda, valyuta kurslari tebranganda yoki tashqi savdo sharoitlari o‘zgarganda, oltin-valyuta zaxiralari mamlakatning moliyaviy barqarorligini ta’minlashga yordam beradi. Bu nuqtai nazardan, eksportning vaqtincha to‘xtatilishi O‘zbekiston uchun zararli bo‘lmagan. Eksport qayta tiklanganidan so‘ng, mamlakat qisqa muddat ichida 1,5 mlrd dollar miqdorida daromad olgan.
Live
Barchasi