O‘zbekiston oltin eksporti rekord darajaga chiqdi

Jamiyat

image

Shu yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston boshqa mamlakatlarga 3,4 mlrd. dollarlik oltin sotdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 1,5 milliard dollar bo‘lgan edi. O‘sish 2,2 barobarni tashkil etdi. 

So‘nggi besh yilda mamlakat oltin eksporti bir necha marotaba o‘zgargan. Masalan, mazkur ko‘rsatkichlar 2015 yilda 823,9 million dollar, 2016 yilda 738,2 million dollar, 2017 yilda 1,6 milliard dollarni tashkil etgan. 

Umumiy eksport tarkibida oltinning ulushi 31 foizga yetgan. Bunday natija oxirgi besh yilda kuzatilmagan edi (2015 yilda 12,1 foiz bo‘lgandi).

O‘zbekiston oltin sotish hajmlarini narx o‘sishi asnosida ko‘paytirib boryapti. Masalan, iyun oyi oxirida oltin uchun fyucherslar 1 unsiya uchun 1 ming 397,7 dollarga baholangan. Oxirgi marta bunday holat 2013 yilda kuzatilgan.

Aynan iyul oyida oltin eksporti oshdi. Iyun yakuniga kelib umumiy sotish miqdori 2 mlrd. dollarga yetgan bo‘lsa, bir oy o‘tib esa unga yana 1,4 mlrd. dollar qo‘shildi.

World Gold Council (Oltin bo‘yicha jahon kengashi) ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy bank o‘tayotgan yilning II choragida asosiy oltin sotuvchilardan biriga aylangan.

Oltin eksporti oshishi mamlakat oltin-valyuta zaxiralari hajmi qisqarishi davriga to‘g‘ri keldi.

Ma’lumot uchun, 1 avgust holatiga ko‘ra rasmiy zaxiralar 27,72 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan bo‘lsa, shundan 12,28 milliard dollari chet el valyutasidagi zaxiralar va 15,08 milliard dollari oltin bo‘ldi. Umumiy zaxiralar hajmi bir oy davomida deyarli o‘zgarmadi – 27,74 milliard dollar.

Biroq undagi oltin hajmida kuchli o‘zgarish kuzatilgan. Agar iyulda ushbu miqdor 11,3 million troya unsiyasini tashkil etgan bo‘lsa, avgustda bu 10,5 million troya unsiyasiga tushdi. 

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston har yili 70-80 tonna oltin sotadi. 2016 yilda 70 tonna, 2017 yilda 80 tonna, 2018 yilda yana 70 tonna eksport qilingan bo‘lsa, shu yilda 80 tonnaga qayta ko‘tarish rejalashtirilgan.

Prognozlarga ko‘ra, joriy yilda oltinning dunyodagi narxi 1 unsiya uchun 1 ming 320 dollar bo‘ladi. Ushbu narxlar mos ravishda 2018 yilda 1 ming 268 dollar, 2017 yilda 1ming 258 dollar va 2016 yilda 1ming 248 dollar bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

112

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing