O‘zbekiston Olimpiya jamoasi Gonkongni yirik hisobda mag‘lub etdi
Sport
−
07 Oktabr 2023
5347Bugun, 7 oktyabr kuni Xanchjouda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarining erkaklar futboli bo‘yicha O‘zbekiston-Gonkong U-23 jamoalari 3-o‘rin uchun maydonga tushdi.
Musobaqaning yarim final uchrashuvida Koreya Respublikasi vakillariga 2:1 ko‘rinishida imkoniyatni boy bergan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi raqib darvozasiga javobsiz 4 ta to‘p kiritgan holda o‘yinlarning bronza medaliga ega chiqdi.
Alisher Odilov 43-daqiqada Gonkong darvozasini ishg‘ol qildi va hisobni ochdi. Temur Kapadze shogirdlari o‘yinning birinchi bo‘limida bitta gol bilan cheklandi.
Husayn Norchayev ikkinchi taymga start berilishi bilanoq, bahsning 49 va 59-daqiqalarida dubl qayd etib hisobni 3:0 ko‘rinishiga yetkazib qo‘ydi. So‘ngi gol esa 74-daqiqada Alibek Davronov tomonidan urildi.
Shu tariqa O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi Gonkong ustidan 4:0 hisobida g‘alabaga erishdi. Ma’lumot uchun, bu ushbu jamoalarning Osiyo o‘yinlari doirasidagi 3-to‘qnashuvi bo‘ldi va har uchala o‘yinda O‘zbekiston vakillarining qo‘li baland keldi.
LiveBarchasi