O‘zbekiston Mo‘g‘uliston go‘shtining asosiy xaridorlaridan biri bo‘ldi
Jamiyat
−
07 Oktabr 9232 2 daqiqa
Mo‘g‘uliston go‘sht va go‘sht mahsulotlarining asosiy qismini O‘zbekiston, Xitoy, BAA, Qatar, Qozog‘iston va Vetnamga eksport qildi. Bu haqda mamlakat Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2025 yilning dastlabki sakkiz oyida Mo‘g‘uliston 18 100 tonna go‘sht va go‘sht mahsulotlarini eksport qilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,9 foizga kam.
Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, qo‘y va echki go‘shti mamlakat go‘sht eksportining 63 foizini tashkil etgan. Mazkur davrda go‘sht mahsulotlarining asosiy qismi Xitoy, BAA, Qatar, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Vetnamga eksport qilingan.
Ma’lumot uchun, Mo‘g‘ulistonda chorvachilik iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, u mamlakatning ko‘chmanchi aholisi (taxminan 40 foizi)ning turmush manbai hisoblanadi. Biroq og‘ir va uzoq davom etuvchi qish tufayli har yili ko‘plab ko‘chmanchi chorvadorlar chorvasidan ayriladi, bu esa ularning yashash sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Mo‘g‘uliston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib mamlakatda 57,6 million bosh chorva mavjud bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 27 iyun kuni Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri Enxbayar Jadamba hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov o‘rtasidagi uchrashuvda O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 2000 tonna halol ot va qo‘zi go‘shtining birinchi partiyasini sotib olishga kelishilgandi.
Live
Barchasi