O‘zbekiston MTJ jiddiy yo‘qotishga uchradi
Sport
−
01 Sentabr 32674 1 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov jarohat olgani sabab “CAFA Nations Cup” turnirida ishtirok etmaydi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 31 avgust kuni Husanov “Manchester Siti” safida “Brayton”ga qarshi uchrashuv paytida o‘zini noqulay his qilgan. Tekshiruvlardan so‘ng, uning chap oyoq boldir mushagida kichik jarohat borligi aniqlangan.
Assotsiatsiyaga ko‘ra, Husanovning jarohatdan tiklanish muddati 2 haftani tashkil etishi mumkin. Shifokorlarning tavsiyasiga binoan Husanov “CAFA Nations Cup” turnirida ishtirok etolmasligi ma’lum bo‘lgan.
Qayd etish joiz, “Manchester Siti” va “Brayton” o‘rtasida kechgan o‘yinda Husanovning jamoasi 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Husanov kichik lat yeyishdan so‘ng, 85-daqiqada maydonni tark etdi. Oradan 4 daqiqa o‘tgandan so‘ng, ya’ni 89-daqiqada “Manchester Siti” darvozasiga 2-gol urildi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Gvardiola Husanov haqida iliq fikrlar bildirdi va agar u maydonda qolganida ikkinchi golni bartaraf etishi mumkinligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 avgust kuni “CAFA Nations Cup” musobaqasi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Ummonga qarshi to‘p surib, 1:1 hisobdagi durang natijani qayd etgandi.