O‘zbekiston Milliy frilanserlar markazi tashkil etiladi
Jamiyat
−
29 may 2020
4943Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Internet tarmog‘i orqali xizmatlar eksportini amalga oshiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining jismoniy shaxslarga veb-frilanserlikni o‘rgatish, ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish va rezidentlik maqomini berish bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Milliy frilanserlar markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.
Quyidagilar belgilab qo‘yiladi:
Internet tarmog‘i orqali mehnat daromadi olishga yo‘naltirilgan jismoniy va yuridik shaxslarga masofaviy tarzda xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan va o‘z faoliyatida yollanma xodimlar mehnatidan foydalanmaydigan jismoniy shaxslar mehnat stajini hisobga olish va rag‘batlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan o‘zini o‘zi band qilgan, Markaz rezidenti maqomini olgan fuqarolar veb-frilanser hisoblanadi;
Markaz veb-frilanserlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha eksterritoriallik tamoyili asosida, shu jumladan masofaviy tarzda kurslarni tashkil etadi hamda mazkur kurslarni muvaffakqiyatli tamomlagan tinglovichlarga sertifikat beradi;
Markazning rezident maqomi sertifikatga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarga hamda sertifikatga ega bo‘lmasdan Internet tarmog‘i orqali jismoniy va yuridik shaxslarga masofaviy tarzda xizmatlar ko‘rsatib, mehnat daromadi olib yurgan jismoniy shaxslarga, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda masofaviy tarzda beriladi;
Markaz veb-frilanserlarning kasbi, tajribasi, xizmatlari qiymati kesimida Yagona reyestrni yuritadi va ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi;
nodavlat ta’lim muassasalari Markaz bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq veb-frilanserlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xizmatlarini ko‘rsatadi hamda ularga Markazning sertifikatini taqdim etadi;
Markaz rezidentlariga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi beriladi;
Markaz rezidentlariga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berilganligi uchun to‘lov undirishdan tushgan mablag‘larning oltmish foizi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga – o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro tomonidan ijtimoiy soliqni to‘lash hisobiga hamda qirq foizi Markaz hisob raqamiga yo‘naltiriladi;
Markaz rezidentlariga o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirish natijasida olgan daromadlariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i tatbiq etilmaydi.
Veb-frilanserlarga:
Internet tarmog‘i orqali masofaviy tarzda xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish (ishlar bajarish), ko‘rsatgan xizmatlari (bajargan ishlari) uchun O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklaridagi xisob raqamlariga tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga ma’lumot kiritmasdan hamda bank komissiyasini to‘lamasdan xorijiy valyutada to‘lovlarni qabul qilish;
xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish (ishlar bajarish) uchun shartnoma tuzish o‘rniga bitim (oferta) to‘g‘risidagi ommaviy taklifni qabul qilish yoki elektron ma’lumot almashish yoxud ko‘rsatgan xizmatlar (bajarilgan ishlar) uchun hisob-faktura (invoys), shu jumladan elektron shaklda taqdim etish yo‘li bilan amalga oshirish huquqi beriladi.
LiveBarchasi