O‘zbekiston ma’lum vaqt xorijga tuxum sotmaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning 1 apreliga qadar tuxum mahsuloti eksporti to‘xtatiladi. Bu haqdagi qaror Vazirlar Mahkamasining 16 dekabrdagi majlisi bayonnomasida qabul qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, tuxum eksportiga taqiq qo‘yish taklifi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligidan chiqqan.

Ammo Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tuxum eksportiga taqiq joriy qilinmaganini ta’kidlayapti.

“Tuxum eksporti bo‘yicha tadbirkorlarga og‘zaki yoki yozma taqiq qo‘yilmagan. Shuningdek, tadbirkorlar tuxum import qiluvchi mamlakatlarning me’yor va tartiblariga muvofiq eksport qilishlari uchun cheklov o‘rnatilmagan”, deydi qo‘mita ma’suli.

Ammo, kecha 6 yanvar kuni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Matbuot xizmati xorijga tuxum sotish uchun cheklovlar joriy qilinganligini tasdiqladi.

Qayd etilishicha, parrandachilik xo‘jaliklarida ozuqa bazasining yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar sabab ko‘plab xo‘jaliklardagi parrandalar soni umumiy hisobda 1 milliondan ortiq miqdorga kamaygan. 

“Global pandemiyaning davom etayotgani, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari aholining xarid qobiliyatiga ta’siri yuqoriligi, shuningdek ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlashning muhimligini inobatga olgan holda tuxum eksportiga nisbatan kiritilgan cheklov vaqtinchalik chora bo‘lib hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 2021 yilning sentyabr-dekabr oylarida respublika bo‘yicha tuxum narxi 19,6 foizga, ayrim hududlarda esa 20-22 foizgacha qimmatlashgan. Yilning qish mavsumida ushbu mahsulot narxiga qo‘shimcha bosim yuzaga kela boshlaydi.

Tuxum narxining oshishiga qish oylarida isitish xarajatlarining oshgani, parrandachilik xo‘jaliklarida kasalliklarning avj olishi, tuxum berishga moslashgan tovuqlarning mavsumiy yangilanishi, ozuqa mahsulotlarining qimmatlashishi hamda kuz mavsumidan boshlab ushbu mahsulotga talabning ortib borishi (boshqa oylarga nisbatan 20-30 foizga oshadi) ta’sir ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

293

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing