O‘zbekiston Lesoto bilan diplomatik munosabat o‘rnatdi

Jamiyat

image

Kecha, 27 mart kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston va Lesoto o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Lesoto Qirolligi O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 166-mamlakat bo‘lgan. Ikki davlat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov va Lesotoning BMTdagi missiyasi rahbari Matete Nena imzolagan.

Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan idoralari doirasida yaqin hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etilgan. Ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish, birinchi navbatda, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini izlab topish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

“Ushbu hujjatning imzolanishi O‘zbekistonning Afrika qit’asi mamlakatlari bilan har tomonlama hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Lesoto Janubiy Afrikada joylashgan o‘ziga xos davlat. U dunyodagi kam sonli anklav mamlakatlardan biri bo‘lib, u har tomondan faqat bitta davlat–Janubiy Afrika Respublikasi bilan o‘ralgan. Mamlakat to‘liq tog‘li hududda joylashgan va dunyodagi hududining birorta nuqtasi 1400 metrdan past bo‘lmagan yagona mustaqil davlatdir. Poytaxti Maseru shahri. Aholisi taxminan 2,3 million kishi bo‘lib, ularning asosiy qismini basoto xalqi tashkil etadi. Rasmiy tillari – sesuto va ingliz tillari. 1966 yil 4 oktyabrda Buyuk Britaniyadan mustaqil bo‘lgan (ilgari Basutolend deb atalgan).

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 26 sentyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Palau davlat vaziri Gustav Aytaro Nyu-York shahrida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolagan edi. Tinch okeanining g‘arbiy qismida joylashgan ushbu arxipelag-davlat O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 165-mamlakat bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

diplomatik munosabat Lesoto

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar