O‘zbekiston qo‘shnisining Amudaryodan foydalanishiga yordam berishga tayyor – “Tolibon”
Olam
−
13 mart
12667O‘zbekiston Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining Amudaryo salohiyatidan foydalanishidan manfaatdor hamda unga Qo‘shtepa kanali loyihasi va zamonaviy sug‘orish tizimlari uchun texnik yordam ko‘rsatishga tayyor. Bu haqda “Tolibon” muvaqqat hukumatining tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
Unda aytilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kecha, 12 mart kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralarda O‘zbekiston “Tolibon” muvaqqat hukumatining Amudaryodan foydalanishidan manfaatdor ekanini ma’lum qilgan.
Uchrashuvda Afg‘oniston tomonidan bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi mulla Abdul G‘ani Barodar ishtirok etgan. Saidov boshchiligidagi O‘zbekiston vakillik delegatsiyasi bilan uchrashuvda siyosiy, iqtisodiy hamkorlik, mintaqaviy aloqalar masalalari muhokama qilingan.
“Mulla Abdul G‘ani Barodar suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalarini muhokama qilar ekan, Afg‘oniston shimolidagi Qo‘shtepa kanali haqida gapirib o‘tdi. Bu afg‘on xalqining azaliy orzusi bo‘lib, uzoq davom etgan mojarolar va beqarorlik , bunga to‘sqinlik qilgan. U Amudaryo havzasidagi boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, Afg‘oniston ham daryodan adolatli foydalanish tarafdori bo‘lib, Amirlikning tiklanishi bilan bu kanalda taraqqiyot boshlangani, qo‘shni davlatlarni xavotirga solmagan holda afg‘onlarning huquqlari ta’minlanganini ta’kidladi”, deyiladi “Tolibon” tomonining bayonotida.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Afg‘onistonning tranzit va energetika loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ko‘mirda elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarmoya kiritish majburiyatini olgan.
Mulla Barodar muzokaralar chog‘ida mintaqaviy hamkorlik, ayniqsa, O‘zbekiston bilan tranzit yuk tashish darajasini oshirish, savdo aloqalarini rivojlantirish, temir yo‘l tarmog‘ini kengaytirish, Afg‘onistonga sarmoya kiritish, transport va bojxona muammolarini hal etish, shuningdek, O‘zbekistonda yashovchi afg‘onlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning o‘zi ham Afg‘onistonga borgani va u yerdagi muzokaralar chog‘ida iqtisodiy aloqalarni faollashtirish va ishbilarmon doiralar o‘rtasida samarali hamkorlik qilish uchun eng qulay shart-sharoit yaratishga alohida e’tibor qaratilganini bildirgandi.
LiveBarchasi