O‘zbekiston qonun ustuvorligi indeksida 8 yilda ilk bor pastladi
Jamiyat
−
24 Oktabr
2803O‘zbekiston 2016 yildan beri birinchi marta mamlakatlardagi qonun ustuvorligini ko‘rsatuvchi indeksda pastladi. Bu haqda “Global Rule of Law Index”ning 2024 yilgi yangilangan reytingida keltirilgan.
Butunjahon adolat loyihasining (WJP) Global qonun ustuvorligi indeksi o‘zining 2024 yilgi hisobotida O‘zbekiston 142 davlat orasida 83-o‘rinni egallaganini qayd etgan. 2024 ma’lumotlariga ko‘ra, yettinchi yil davomida qonun ustuvorligi global miqyosda pasayib ketgan. Bu yil so‘rovda qatnashgan aksariyat mamlakatlarda (57 foiz) qonun ustuvorligi yana zaiflashgan. Biroq indeks ma’lumotlari qonun ustuvorligining global retsessisi sekinlashayotgani va taraqqiyot bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Qonun ustuvorligi buzilayotgan mamlakatlar ulushi ketma-ket uchinchi yil qisqardi va ba’zi sezilarli darajada yaxshilangan yo‘nalishlar paydo bo‘ldi. So‘nggi 5 yil ichida birinchi marta korrupsiya yo‘qligini o‘lchaydigan indeks omili bo‘yicha ko‘p mamlakatlar yaxshilangan. Joriy yilda korrupsiya mamlakatlarning deyarli beshdan uch qismida (59 foiz) kamaygan.
Tahlillarga ko‘ra, ayni paytda avtoritar tendensiyalar mamlakatlarni inson huquqlari va demokratiyani himoya qilishdan orqaga qaytarishda davom etmoqda. Bugungi kunda 6 milliarddan ortiq odam qonun ustuvorligi 2016 yildagiga qaraganda zaifroq mamlakatlarda istiqomat qiladi.
WJP'ning Qonun ustuvorligi indeksi asl, mustaqil qonun ustuvorligi ma’lumotlarining dunyodagi yetakchi manbasidir. Uning tadqiqotlari dunyo aholisining 95 foizini qamrab olgan 142 mamlakat va yurisdiksiyada qonun ustuvorligini o‘lchash uchun ekspertlar hamda uy xo‘jaliklari so‘rovlariga asoslanadi.
Reyting hukumat vakolatlarini cheklash, korrupsiyaning yo‘qligi, ochiq hukumat, inson huquqlari, himoya va xavfsizlik, qonun nazorati, fuqarolik sudlovi, jinoiy sudlov darajasi kabi ko‘rsatkichlar asosida shakllantirilgan.
O‘zbekiston joriy yilda himoya va xavfsizlik darajasi bo‘yicha eng yaxshi natijani qayd qilgan. Qolgan ko‘rsatkichlari dunyo mamlakatlari orasida o‘rtacha darajaga ega.
Qayd qilinishicha, O‘zbekiston reytingda 2016 yildan beri birinchi marta pastlamoqda va 2023 yilga nisbatan 5 pog‘ona pastga tushgan.
Reytingning dastlabki besh pog‘onasidan Daniya, Norvegiya, Finlyandiya, Shvetsiya va Germaniya joy olgan. Shuningdek, reytingda Qozog‘iston 65-o‘rinda, Qirg‘iziston 101-o‘rinda, Rossiya 113-o‘rinda qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyo mamlakatlarining internet erkinligi darajasi bo‘yicha reytingi yangilangandi. 100 ballik sistemada 27 ball olgan O‘zbekiston internet tarmog‘i erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida qayd etilgandi.
LiveBarchasi