O‘zbekiston Qobuldagi Rossiya elchixonasi yaqinida sodir etilgan portlashni qoraladi
Jamiyat
−
05 Sentabr 2022
5231Rasmiy Toshkent Afg‘oniston poytaxti Qobuldagi Rossiya elchixonasi yaqinida portlash sodir etilganini qoralaydi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytiladi.
“Biz 2022 yil 5 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Qobul shahridagi konsullik boshqarmasi yaqinida sodir etilgan va diplomatik missiya xodimlari va Afg‘oniston fuqarolarining o‘limiga sabab bo‘lgan terrorchilik harakatini keskin qoralaymiz.
Bu kabi qabih harakatlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashishiga olib kelishi barobarida, mamlakatda uzoq muddatli va barqaror tinchlik hamda milliy totuvlikning o‘rnatilishiga to‘sqinlik qiladi”, deyiladi bayonotda.
TIV Afg‘oniston rasmiylaridan ushbu g‘ayriinsoniy harakat tashkilotchilari va aybdorlarini aniqlash uchun barcha choralar ko‘rilishini so‘ragan.
Shuningdek, idora halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 5 sentbyar kuni Qobuldagi Rossiya elchixonasi oldida terakt sodir etildi. “Reuters” politsiyaga tayanib xabar berishicha, ushbu portlashni xudkush-terrorchi sodir etgan. Rossiya TIV ma’lumotiga ko‘ra, portlashda diplomatik missiyaning ikki xodimi halok bo‘lgan. Shuningdek, matbuotda portlashda jami 8 kishi qurbon bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.
LiveBarchasi