O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari tutashgan nuqta ko‘rsatildi (video)
Olam
−
19 mart 13630 2 daqiqa
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari – Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasini aniqlash bo‘yicha uch tomonlama muzokaralar 2007 yildan boshlanganini aytib, chegaralar tutashgan nuqtani namoyish qildi. Bu haqda u bugun, 19 mart kuni Jogorku Keneshning 6 qo‘mitasi qo‘shma yig‘ilishida so‘z ochdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu kungacha hukumat delegatsiyalari bu masala bo‘yicha 6 marta uchrashuv o‘tkazgan.
“Tomonlar chegara tutash nuqtasini aniqlash borasida yakdil qarorga kela olishmagan. 2025 yil mart oyida Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasi bo‘yicha kelishuv imzolangach, Dushanbe shahrida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda uch davlat kelishuvga erishdi va chegara tutash nuqtasi aniqlab olindi”, dedi Tashiyev.
U xaritada ushbu nuqta joylashgan joyni ko‘rsatdi.
“Uch davlat chegaralarining tutash nuqtasi ko‘k rang bilan belgilangan. Oldinroq bu joy uchun O‘zbekiston yashil rangda, Tojikiston esa qizil rangda boshqa hududlarni tutash nuqta sifatida taklif qilgan edi. Agar biz rozi bo‘lganimizda, barcha yo‘llar mamlakatimiz tashqarisida qolgan bo‘lar edi. Natijada Qirg‘iziston hududida taxminan 100 gektar yer qoldi, bu ham bizning yutug‘imiz. Ushbu hududda aholi yashamaydi, ammo bu bizning yerimiz va u orqali bizning yo‘limiz o‘tadi”, deya ma’lumot berdi Tashiyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Bishkekda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha bergan qo‘shma bayonotida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi bo‘yicha shartnoma imzolashini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjat 31 mart kuni Xo‘jand shahrida imzolanishi rejalashtirilgan. O‘sha kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari Xo‘jand shahrida Navro‘z bayramini birgalikda nishonlashi ko‘zda tutilgan.
Live
Barchasi