O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari sifat jihatidan yaxshilanmoqdami?

Jamiyat

image

Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Parlamentlararo komissiya a’zolari, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari hokimlari, O‘sh, Jalolobod, Botken oblastlari gubernatorlari (Qirg‘iziston hukumatining vakolatli vakillari), tashqi ishlar vazirliklari, har ikki davlatning elchilari ishtirok etgan yig‘ilishda parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Yig‘ilishda ikki qo‘shni davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar yo‘nalishlaridagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, parlamentlararo komissiya imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

So‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, hamkorlik ko‘lami barcha yo‘nalishlarda kengaydi.

“O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida savdo-sotiq hajmi joriy yilning o‘tgan davrida uch barobarga ortdi. Ayniqsa, turizm, madaniyat, ilm-fan va boshqa qator yo‘nalishlardagi hamkorlik ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Bu, albatta, ikki xalqning do‘stligi, qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda”, deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari, Parlamentlararo komissiya hamraisi Sodiq Safoyev.

Umuman, Parlamentlararo komissiya yig‘ilishi samarali o‘tdi, barcha masalalar bo‘yicha aniq reja va chora-tadbirlar belgilab olindi.

Majlisda savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, chegara bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, komissiya faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, samaradorligini oshirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirlganligi qayd etildi.

“Ayni kunda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida chegara hududlarini belgilash masalasi bo‘yicha 85 foiz kelishuvga erishilgan. Bu borada nafaqat parlamentlararo, balki, hukumatlararo komissiya ham ish olib bormoqda. Yaqin vaqt ichida aniqlik kiritilishi zarur bo‘lgan chegara hududlar bo‘yicha ham bir to‘xtamga kelinadi”, deydi Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi agrar siyosat, suv resurslari, ekologiya va hududiy rivojlanish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Parlamentlararo komissiya hamraisining o‘rinbosari Almazbek Akmatov.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi N.Yuldashevning Qirg‘iziston Respublikasiga rejalashtirilayotgan rasmiy tashrifiga doir masala ham ko‘rib chiqildi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qirg'iston

Baholaganlar

14

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar