O‘zbekiston Isroilning Qatarga hujumini qoraladi
Jamiyat
−
09 Sentabr 7974 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Isroilning Doha shahridagi turarjoy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralaydi va buni Qatar Davlati suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqdi.
“Bunday xatti-harakatlar mutlaqo nomaqbul bo‘lib, BMT Nizomini hamda xalqaro huquqning asosiy me’yor va tamoyillarini jiddiy ravishda mensimaslik hisoblanadi”, deyiladi bayonotda.
Bildirilishicha, O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishiga va Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada keskinlashtiradigan qadamlarga izchil ravishda qarshi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil HAMAS rahbariyatini yo‘q qilish uchun Qatar poytaxti Dohaga zarba bergani xabar qilingan edi. “Axios” muxbiri Barak Ravid esa isroillik rasmiylarga tayanib, Dohadagi portlash HAMAS amaldorlariga suiqasd ekanini ma’lum qilgan.
“Reuters” manbalaridan biriga ko‘ra, Vest-Bey tumanidagi “Alfardan Towers” osmono‘par binosida portlashlar eshitilgan.
Yana bir guvoh Doha markazidagi Al-Sadd tumanida joylashgan Hamad bosh shifoxonasi yaqinida bo‘lganida taxminan to‘rtta portlash eshitganini aytgan.
Isroil harbiylari Qatar poytaxti Dohada kuzatilgan va eshitilgan portlashlar HAMAS rahbariyati a’zolari va Falastinning yuqori martabali amaldorlariga qarshi suiqasd urinishining oqibati ekanini bildirgan.
Qayd etilishicha, hujumdan avval “nishonga aloqasi bo‘lmagan odamlarga zarar yetishini kamaytirish uchun aniq zarba beruvchi qurollar va qo‘shimcha razvedka ma’lumotlaridan foydalanish” chorasi ko‘rilgan.
Ushbu xabarlardan so‘ng darhol Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Isroil hukumati tomonidan Qatar poytaxti Dohada amalga oshirilgan harbiy harakatni qoralashini bildirib, bayonot bilan chiqdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr