O‘zbekiston fuqaroligini qabul qilishda pul to‘lab, davlat tilidan imtihon topshiriladi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2020
6998O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda talabgorlarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash uchun imtihon olinadi. Sinov Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi (Markaz) hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan to‘lov asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilishda chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan davlat tilini bilish darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilandi.
Shuningdek, davlat tili bo‘yicha imtihon talabgorning doimiy yashash yoki vaqtincha turar joyi bo‘yicha Markaz yoki uning hududiy bo‘linmalarida o‘tkaziladi.
Buning uchun talabgor sinov imtihonida qatnashish uchun ariza bilan Markaz yoki uning hududiy bo‘linmalariga shaxsan o‘zi yoxud elektron shaklda murojaat etadi.
Shunga ko‘ra, sinov imtihoni hujjatlar taqdim etilganidan so‘ng 1 oy muddatda test, yozma yoki og‘zaki shakllarda o‘tkaziladi.
Sinov imtihoni yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning 50 foizi (50 ball)dan kam ball olgan talabgorlar sinov imtihonidan o‘tmagan hisoblanadi hamda sinov imtihoni o‘tkazilgan kundan boshlab kamida 1 oydan keyin qayta qatnashish uchun ariza bilan murojaat qiladi (qayta to‘lovni amalga oshirgan holda).
Sinov imtihonlari natijalari 3 kun muddatda e’lon qilinadi.
Sinov imtihonini topshirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida (44 600 so‘m) to‘lov to‘lanadi.
Sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarga davlat tilini bilish to‘g‘risidagi malaka sertifikati beriladi va u muddatsiz amal qiladi.
LiveBarchasi