O‘zbekiston fuqarolarining AQSHga viza olishi yengillashtiriladi
Jamiyat
−
21 may 2025 9231 2 daqiqa
O‘zbekiston Hukumati fuqarolarining Amerika Qo‘shma Shtatlari hududiga kirishi bo‘yicha viza talablarini yengillashtirish ustida ishlashi belgilandi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 15 may kuni imzolangan “2025-2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida aytilgan.
Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga 3 oy muddatda AQSH fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga 30 kunlik muddatga vizasiz kirish rejimini joriy qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga Amerika Qo‘shma Shtatlari hududiga kirish uchun viza talablarini yengillashtirish yuzasidan muzokaralar boshlash va yakuni bo‘yicha taklif kiritish belgilangan.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Ozarbayjon fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga ichki hujjat yoki ID-karta, shu jumladan, 16 yoshga to‘lmagan fuqarolarga “kinder pasport” bilan 30 kungacha kirish rejimi joriy qilinadi.
AQSHga borayotgan o‘zbeklar
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonliklar Green card lotoreyasi yutish orqali AQSHda yashash huquqini qo‘lga kiritish bo‘yicha dunyoda yetakchi uchlikka kiradi. Har yili 5000 dan ziyod o‘zbekistonlik ushbu huquqni qo‘lga kiritadi. Boshqa tomondan O‘zbekiston AQSHga noqonuniy kirib boruvchilar, ayniqsa, Meksika orqali yashirin va xavfli yo‘llar bilan migratsiyani amalga oshiruvchilar borasida ham peshqadam.
Tramp ma’muriyati esa saylovoldi rejalarda va’da qilinganidek, joriy yilning birinchi yarmida 1 milliongacha muhojirni deportatsiya qilmoqchi. Joriy yilning mart oyi oxirigacha 100 mingdan ortiq muhojir chiqarib yuborilgan. Bir yil ichida 400 mingdan ortiq deportatsiya bo‘yicha avvalgi rekord 2009 yilning yanvaridan 2017 yilning yanvarigacha – 44-prezident Barak Obama davrida o‘rnatilgan edi.
Deportatsiya masalasida AQSH allaqachon o‘zbekistonliklarni ham ogohlantirishga ulgurgan. Aprel oyida boshida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik murojaat bilan chiqib, AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan minglab o‘zbekistonliklarni o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytishga chaqirgan edi, aks holda ular AQSHda qamoqqa olinishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin.
Live
Barchasi