O‘zbekiston Falastindan Isroil qo‘shinlari chiqib ketishi uchun ovoz berdi
Olam
−
19 Sentabr
7550Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT) Bosh assambleyasi kecha, 18 sentyabr kuni Isroildan Falastinning bosib olingan hududlaridan kuchlarini olib chiqishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Falastin tomonidan o‘nlab boshqa davlatlar bilan birgalikda taklif etilgan rezolyutsiya uchun 124 ta delegatsiya ovoz berdi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. 43 ta davlat betaraf qoldi, 14 tasi esa qarshi chiqqan.
Rezolyutsiya Isroil qo‘shinlarini Falastin hududlaridan olib chiqib ketishni, yangi aholi punktlari qurilishini to‘xtatishni, bosib olingan yerlar va mol-mulkni qaytarishni, shuningdek, ko‘chirilgan falastinliklarni qaytarish imkoniyatini talab qiladi.
BMT Xalqaro sudining 1967 yildan beri Falastin hududlari bosib olinishi “noqonuniy” degan maslahat xulosasiga asoslanadi.
Isroil rezolyutsiyani qat’iyan rad etdi. Mamlakatning BMTdagi doimiy vakili Dani Danon ovoz berishni “Falastin muxtoriyatining diplomatik terrorizmini qo‘llab-quvvatlovchi sharmandali qaror” deb atadi.
AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild ovoz berishdan oldin rezolyutsiyani “fitna qo‘zg‘atuvchi” deb qoraladi va uning “tinchlik ishiga hech qanday foyda keltirmasligini” ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, rezolyutsiya mazmuni Xalqaro jinoyat sudi tomonidan joriy yilning iyul oyida e’lon qilingan maslahat xulosasidan kelib chiqqan bo‘lib, unda sud Isroilning Falastin hududida davom etishini qonuniy emas va uni “barcha davlatlar tan olmaslik majburiyati bor” deb e’lon qildi.