O‘zbekiston Embraer’dan C-390 samolyotini qabul qilib oldi
Jamiyat
−
12:39 955 2 daqiqa
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Braziliyaning Embraer kompaniyasi ishlab chiqargan C-390 Millennium harbiy-transport samolyotini qabul qilib oldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, samolyotni topshirish marosimi kecha, 25 sentyabr kuni Braziliyaning Gaviao Pexoto shahridagi Embraer zavodida bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Ahmad Burxonov hamda “Oʻztextreyd” davlat muassasasi direktori Olimxon Rustamov ishtirok etgan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston va Embraer o‘rtasidagi tegishli shartnoma 2024 yil oxirida imzolangan. Kelishuv samolyotdan foydalanish bo‘yicha keng qamrovli o‘quv va texnik yordam, shuningdek ehtiyot qismlar yetkazib berishni ham o‘z ichiga oladi.
C-390 Millennium o‘rta toifadagi ko‘p maqsadli harbiy-transport samolyoti bo‘lib, 26 tonnagacha yuk tashishi mumkin. Uning maksimal tezligi 470 uzelni (taxminan 870 km/soat) tashkil etadi.
Samolyot yuk va harbiy xizmatchilarni tashish, texnika va shaxsiy tarkibni havodan tushirish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv ishlari, yong‘inlarga qarshi kurash hamda gumanitar missiyalarda foydalanish uchun mo‘ljallangan. U vaqtinchalik yoki asfaltlanmagan uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalana oladi.
Shuningdek, tegishli jihozlar o‘rnatilganda C-390 Millennium havoda boshqa samolyotlarga yonilg‘i quyuvchi tanker sifatida ham, havodan yonilg‘i qabul qiluvchi samolyot sifatida ham ishlashi mumkin.
Embraer ma’lumotlariga ko‘ra, C-390 Millennium samolyotini Braziliya, Portugaliya, Vengriya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, Shvetsiya, BAA, Slovakiya, Kolumbiya va Litva harbiy-havo kuchlari ham tanlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Braziliyaning Embraer kompaniyasidan C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlarini sotib olishi va mamlakat ushbu samolyotlardan foydalanadigan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatga aylanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi