O‘zbekiston elektromobil bozoriga kirish haqida bosh qotirmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonliklar allaqachon yiliga mingga yaqin elektromobilni dunyoning rivojlangan mamlakatlaridan olib kelayotgan vaqtda mamlakat bu sohada ortda qolmaslik ustida bosh qotirmoqda. Bu haqda bugun, 14 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan mashinasozlik sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va 2022 yildagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z bordi. 

“Yana bir masala – jahonda elektromobillar ishlab chiqarish jadal rivojlanib, avtomobil bozorida salmoqli o‘rin egallamoqda. Biz ham bu sohada ortda qolmasligimiz uchun amaliy ishlarni hozirdan boshlashimiz kerak”, deydi Prezident yig‘ilishda.

Mutasaddilarga uch oy muddatda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasini kiritish topshirilgan. Bunda:

•    elektromobillar uchun butlovchi qism va materiallarni mahalliylashtirish dasturini;

•    elektromobillar uchun texnik talab va zamonaviy standartlarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralarni yakunlab, strategik hamkor bilan loyihani boshlash yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda O‘zbekistonga 11 ta xorijiy davlatdan qiymati 16,9 mln AQSH dollariga teng bo‘lgan 809 ta elektromobil import qilingan. Elektromobil importi 2020 yilga nisbatan 679 taga yoki 6,2 baravarga oshgan. 

2021 yilda O‘zbekiston asosan qaysi davlatlardan elektromobillarni import qilgan?

•    Xitoy – 724 ta
•    Turkiya – 24 ta
•    AQSH – 22 ta
•    Litva – 13 ta
•    Germaniya – 12 ta
•    Koreya – 5 ta
•    Ispaniya – 2 ta
•    Rossiya – 2 ta
•    Ukraina – 2 ta
•    BAA – 2 ta
•    Gongkong – 1 ta


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

703

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing