O‘zbekiston elchisi Iordaniya podshohiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Iordaniyaga yangi tayinlangan Favqulodda va muxtor elchisi Nodirjon Turg‘unov ushbu mamlakat podshohi Abdulloh II bin al-Husaynga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ammon shahridagi Basman qasridagi tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan muloqot avvalida mamlakat elchisi O‘zbekiston Prezidentining Iordaniya Podshohiga yo‘llangan salomini yetkazgan.

Podshoh Abdulloh II bin al-Husayn O‘zbekiston rahbariga minnatdorlik izhor etib, yangi tayinlangan elchiga muvaffaqiyat tilagan hamda ikki qardosh yurtni bog‘lab turuvchi tarixiy rishtalarni yanada mustahkamlash va sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga umid bildirgan. Shuningdek, Iordaniya tomonining elchi faoliyatida mazkur do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida har qanday ko‘mak ko‘rsatilishi ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993 yil 15 fevralda o‘rnatilgan. Nodirjon Turg‘unov esa 2024 yil mart oyida O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi sifatida Ar-Riyoz shahriga kelgan. Shuningdek, u 2024 yil noyabr oyida O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili sifatida akkreditatsiyadan o‘tgan. 2025 yil aprel oyida esa u bir vaqtning o‘zida mamlakatimizning birinchi elchisi sifatida Bahrayn Tashqi ishlar vazirligiga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgan edi.   

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 may kuni O‘zbekistonning Iordaniyaga yangi tayinlangan elchisi Nodirjon Turg‘unov ushbu mamlakat Tashqi ishlar va xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash vazirligi bosh kotibi Majid al-Qatarnaga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Iordaniya Nodirjon Turg'unov Abdulloh II bin al-Husayn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing