O‘zbekiston dzyudochilari Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni egalladi
Sport
−
04 dekabr 2021
3443Kecha, 3 noyabr kuni Livan poytaxti Bayrut shahri mezbonlik qilgan dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining ikkinchi kungi bahslari o‘z yakuniga yetdi.
Ikki kun davomida Osiyo qit’asining 16 davlati o‘smir dzyudochilari medallar uchun tatamiga chiqishdi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi raqiblaridan sezilarli ustunlikka erishib, medallar shodasiga ega chiqdi.
Kechagi bellashuvlarda 11 nafar o‘zbekistonlik dzyudochi tomonidan 10 ta medal qo‘lga kiritildi. Shulardan to‘rttasi – oltin. Xurshida Razzoqberdiyeva (63 kg), Tuygul Hamroyeva (70 kg), Mels Sodiqov (81 kg) va Ibrohim Xolboyev (90 kg) shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, Osiyo chempioniga aylandi.
Marjona Nurilloyeva (63 kg) hamda Shirinjon Yo‘ldosheva (+70 kg) kumush, Abbos Ismoilov (+90 kg), Sarvinoz Husanova (57 kg), Mohlaroyim To‘xtamisheva (+70 kg) va Muhammadali Tangriyev (81 kg) esa bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Ikki kunlik bahslar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston 9 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Ikkinchi o‘rindagi Qozog‘iston terma jamoasi 3 ta oltin, 8 ta kumush, bitta bronza medali bilan ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Janubiy Koreya 3 ta oltin, bitta kumush, 7 ta bronza medali evaziga kuchli uchlikka yakun yasagan. Mo‘g‘uliston, Hindiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Livan va Suriya terma jamoalari hisobida eng kamida bitta bronza medali mavjud.
LiveBarchasi