O‘zbekiston “do‘ppi tor kelganda” xorijdan gaz sotib olish mumkin
Jamiyat
−
09 noyabr 2021
12796O‘zbekiston kuz-qish mavsumida tabiiy gaz taqchilligini sezsa, ushbu energiya resursini xorijdan sotib olishi ham mumkin. Bu haqda Energetika vazirligining gaz bilan bog‘liq ishlar qanday kechayotgani va bu kuz-qish mavsumini o‘tkazish uchun yetarli bo‘ladimi yoki yo‘qligi yuzasidan bergan tushuntirishida aytilgan.
Qayd etilishicha, 2021-2022 yillar kuz-qish davrida tabiiy gaz resurslari va iste’molchilarga taqsimlash prognoz balansiga muvofiq 32 622,0 mln kub m tabiiy gaz respublika maishiy iste’molchilariga yetkazib beriladi.
“Havo harorati keskin pasayib ketgan sharoitda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq, viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatlarga kiritilgan mavsumiy iste’molchilar muqobil yoqilg‘iga o‘tishlari shart. Shu bilan birga, muqobil yoqilg‘iga o‘tish hisobiga ajralib chiqadigan tabiiy gaz hajmlari qo‘shimcha ravishda ijtimoiy soha, strategik ahamiyatga ega ob’ektlar va aholi ehtiyojlarini qondirishga yo‘naltiriladi”, deyiladi vazirlik xabarida.
Shuningdek, vazirlikning ta’kidlashicha, 10 kundan buyon yer osti gaz omborlariga gaz quyish ishlari amalga oshirilmagan, chunki reja 110 foizga bajarilgan. Ayni paytda to‘plangan mablag‘lardan foydalanilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Gazli” gaz ombori inshootiga 2 milliard kub metrdan ortiq, “Xo‘jobod” gaz ombori inshootiga esa 930 million kub metrdan ortiq gaz quyilgan.
Bundan tashqari, xorijdan ham gaz sotib olish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu yaqinlashib kelayotgan ob-havo sharoiti va unga bog‘liq bo‘lgan respublikadagi iste’mol darajasiga bog‘liq. G‘ayritabiiy sovuqlar kuzatilsa va o‘z mablag‘lari yetishmasa, respublika aholisi va ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ektlarni ta’minlash maqsadida gaz xorijdan sotib olinishi mumkin. Yakuniy qaror hukumat tomonidan qabul qilinadi, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi