O‘zbekiston delegatsiyasi Para Osiyo o‘yinlariga yo‘l oldi
Sport
−
20 Oktabr 2023
4308Bugun, 20 oktyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 22-28 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan IV yozgi Para Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun Toshkent xalqaro aeroportidan Xitoy tomon yo‘l oldi. Bu haqda sportchilarga bevosita hamrohlik qilayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri Shaxzod Shukurov ma’lum qildi.
Shukurovga ko‘ra, delegatsiya Xanchjou-2022 yozgi Para Osiyo o‘yinlarida o‘z tarixidagi ilk bora katta tarkib – 11 sport turi bo‘yicha 108 nafar para atlet bilan ishtirok etadi.
Xanchjoudagi Para Osiyo o‘yinlari bir qator sport turlarida Parij-2024 Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar o‘ynalishi bilan ahamiyatli. Musobaqa davomida para o‘q otish, para stol tennisi, para yengil atletika, para dzyudo, para taekvondo, para pauerlifting, para velosport, para kanoe, para akademiya, para suzish dasturlarida para atletlar medallar qatori Paralimpiya o‘yinlari litsenziyalari hamda reyting ochkolari uchun ham kurash olib boradi.
Aytib o‘tish joiz, “qit’a Paralimpiadasi”da O‘zbekiston vakillari para shaxmat, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para velosport, para taekvondo va para stol tennisi dasturlarida debyut qiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasining Para Osiyo o‘yinlari tarixida eng yaxshi natijasi 2018 yil Jakarta-Palembang (Indoneziya)da o‘tgan o‘yinlarda qayd etilgan. Unda delegatsiya 75 ta medal (33 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza) bilan medallar jamg‘arish bo‘yicha umumiy reytingning 6-pog‘onasini band etgan.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan edi. Bu tarixdagi eng yaxshi natija bo‘ldi. Avvalgi eng yaxshi natija 2018 yil Jakartada qayd etilgan.
LiveBarchasi