O‘zbekiston Chexiyadan 10 ta elektropoyezd sotib oladi
Jamiyat
−
01 may 1835 1 daqiqa
Chexiyaning Škoda Group kompaniyasi O‘zbekistonga 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib berish bo‘yicha strategik kelishuvni imzoladi. Bu haqda kecha, 30 aprel kuni kompaniyaning rasmiy Linkedin sahifasida xabar berildi.
Qayd etilishicha, loyiha qiymati 120 million yevroni tashkil etadi va u mahalliylashtirish va servis xizmatini ham o‘z ichiga oladi. Kelishuv Chexiya Bosh vaziri Andrey Babishning Toshkentga tashrifi doirasida imzolangan.
“Biz ilg‘or texnologiyalarimizni taqdim etishga va zamonaviy, samarali transport yechimlarini taklif qilishga tayyormiz”, deydi kompaniya bosh direktori Petr Novotniy.
Kompaniya tomonidan O‘zbekistonga yangi avlod poyezdlari, xususan, Latviya va Estoniyada sinovdan o‘tgan platformalar asosida yaratilgan 10 ta mintaqaviy elektr poyezd olib kelinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish O‘zbekistonga tashrif buyuurgani haqida xabar berilgan edi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzolagandi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi