O‘zbekiston bo‘ylab “svet” o‘chishi kuzatilmoqda. Muammo qachon bartaraf etiladi?
Jamiyat
−
04 yanvar 2021
15686Bugun, 4 yanvar kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Energetika vazirligi muammoning kelib chiqish sabablari va u qachon bartaraf etilishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bugun soat 6:59 da va 10:10 da “Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”ga qarashli neft va gaz qazib chiqarish konlarini elektr energiyasi bilan ta’minlab turgan “Neftchi” podstansiyasidan chiquvchi L-Zevarda -1,2 elektr uzatish tarmoqlari rele himoyasidan o‘chgan.
Oqibatda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz soatiga 140-175 ming metr kubga qisqargan. Buning natijasida elektr energiyasi ta’minotida respublika hududlari bo‘ylab 600-800 MVtgacha cheklovlar kuzatilmoqda.
“Ushbu yuzaga kelgan nosozlik maxsus brigada tomonidan soat 12:15da bartaraf etilib, Zevarda, Janubiy Kemachi, Janubiy O‘rtabuloq, Dengizkul, Samontepa siquv kompressor stansiyalaridagi gaz xaydash agregatlari qayta ishga tushirilmoqda. Natijada magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi qayta tiklana boshladi.
Yuzaga kelgan muammo bugun soat 23:00 ga qadar to‘liq bartaraf etiladi. Nosozlik sabablari tegishli mutaxassilar tomonidan aniqlanmoqda.
Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz”, deyiladi Energetika vazirligi axborotida.
LiveBarchasi