O‘zbekiston Birinchi xonimi Andijondagi inklyuziv lagerga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Birinchi xonimi – “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Andijon viloyati Xo‘jaobod shahridagi ikkita ixtisoslashtirilgan maktab va Andijon shahridagi ijod studiyasiga tashrif buyurdi.

Xo‘jaoboddagi maktablar yaqinda “Zamin” fondi ko‘magi bilan to‘siqlarsiz muhitda sifatli ta’lim olishga xizmat qiluvchi zamonaviy assistiv jihozlar bilan ta’minlandi.

“Zamin” fondi tomonidan Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Eshitishni xohlayman!” xayriya loyihasi doirasida bu maktablarning barcha o‘quvchilari tashxisdan o‘tkazildi. 402 nafar o‘quvchi zarur miqdorda raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlandi.

Ushbu loyiha davom ettiriladi, joriy yilning o‘zida eshitishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga yana 5600 ta raqamli eshitish moslamasi yetkazib beriladi.

Ziroat Mirziyoyeva ikkala maktabda ham bo‘lib, bu yerdagi yangi jihozlar bilan tanishdi, bolalar bilan suhbatlashdi.

17-sonli maktab negizida “Zamin Education” loyihasi doirasida inklyuziv IT-oromgoh tashkil etilgan. Besh kun davomida katta sinf o‘quvchilari dasturlash va robototexnika ko‘nikmalarini faol o‘zlashtirgan, kompyuter ilovalarini yaratgan.

Fond vasiylik kengashi raisi bolalarni oromgohni muvaffaqiyatli tugatgani bilan tabriklab, o‘qishda yangi muvaffaqiyatlar, o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishini tiladi. 

Ziroat Mirziyoyeva “Zamin Creative” ijod studiyasiga ham bordi. Studiya yaqinda Andijondagi Muhammad Yusuf nomidagi maktab qoshida ochildi. Bu mamlakatdagi uchinchi shunday studiya bo‘lib, birinchisi Qarshidagi Abdulla Oripov, ikkinchisi Toshkentdagi Abdulla Qodiriy nomidagi maktablarda o‘z ishini boshlagan.

Studiya uchta yo‘nalish: teatr san’ati, fashion design (kiyim dizayni) va mediasavodxonlikka ixtisoslashgan. O‘quv kursi 3 oydan 7 oygacha davom etadi. Har bir yo‘nalish dasturi o‘ziga xos bo‘lib, o‘qituvchilar va mamlakatdagi yetakchi mutaxassislar bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

Ziroat Mirziyoyeva bilan birgalikda studiyaga Toshkentdagi “Zamin Creative” o‘quvchilari ham keldi, ular qabuldan muvaffaqiyatli o‘tgan tengdoshlarini tabrikladi, o‘z ijodiy ishlarini ko‘rsatdi, to‘plagan tajribasi va o‘qishdan olgan taassurotlari bilan bo‘lishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

83

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing