O‘zbekiston bilan chegara masalasi tugallandi, Tojikiston bilan oz qoldi – Japarov
Olam
−
22 may
4701Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegara masalasi tugallandi, Tojikiston bilan oz qoldi. Bu haqda Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarov ma’lum qildi.
“Xudo xohlasa, O‘zbekiston bilan chegara masalasini yakunladik, Tojikiston bilan oz qoldi, qiyin muzokaralar olib borilmoqda, lekin biz yaqinda Tojikiston bilan chegara masalasiga chek qo‘yamiz, deb o‘ylaymiz”, deydi Oqilbek Japarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, saylov oldidan Prezident Sadir Japarovning shiorlaridan biri Qirg‘iziston zaminidagi qirg‘iz fuqarolariga zulm qilinmasligi edi.
“U (mamlakat rahbari) bizga uchta tamoyilni belgilab berdi: birinchi tamoyil, kim hudud yaxlitligini istasa, u biz bilan. Ikkinchi tamoyil – hech kimni shimol va janubga, urug‘-aymoqqa ajratmasdan xalqning birligini saqlash. Biz “Yerimiz bir, Xudoyimiz bir” degan har bir kishi bilanmiz. Uchinchi tamoyil – soliq to‘lash”, deydi Oqilbek Japarov.
Shuningdek, u Qirg‘iziston hudud bo‘yicha dunyoda 73-o‘rindaligini eslatib o‘tgan.
“Yurtimiz kichik, deganlarga – 200 ming kvadrat kilometrdan ortiq yerimiz bor, hudud bo‘yicha dunyoda 73-o‘rindamiz. Suv, muzliklar, yerlar bor. 2030 yilga borib dunyo aholisi keskin oshadi. 1,5 milliard odam suv yetishmasligi tufayli iqlim migrantiga aylanishi mumkin, shuning uchun biz o‘z yerimizni ko‘z qorachig‘idek himoya qilamiz. Bizga birovning yerlari kerak emas, lekin biz o‘z yerimizning bir santimetrini ham hech kimga bermaymiz”, deydi Japarov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 may kuni Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida tojiklar va qirg‘iz harbiy xizmatchilari o‘rtasida otishma yuz bergan edi. Mart oyi oxirlarida esa ikki mamlakat umumiy davlat chegarasi bo‘yicha kelishib olgan edi.