O‘zbekiston ayollar termasini yaponiyalik murabbiy boshqaradi
Sport
−
01 fevral 2022 4375 1 daqiqa
Ayollar futboli bo‘yicha Osiyo o‘yinlari sovrindori, yaponiyalik Midori Xonda O‘zbekiston ayollar terma jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Midori Xonda bilan shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, yaponiyalik mutaxassis 2023 yilning yakuniga qadar O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi.
Ma’lumot o‘rnida, Midori Xonda 1964 yilda Yaponiyaning Sidzuoka shahrida tavallud topgan. 1981-1991 yillar davomida Yaponiya ayollar terma jamoasi safida to‘p tepgan. Ushbu davr mobaynida jamoasi bilan birgalikda Osiyo o‘yinlarida bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Murabbiylik faoliyatini esa 2001 yilda “Okayama“ klubida boshlagan. Keyinchalik Yaponiya U-20 ayollar terma jamoasida murabbiy yordamchisi sifatida Jahon chempionatida ishtirok etgan va mundialda 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Mutaxassis 2013-2019 yillar davomida “Nagano Parseyro”, 2020-2021 yillarda esa “Sidzuoka SSU Asrejina” klublarini boshqargan. Bundan tashqari, Midori Xonda Yaponiyada JFAning (Yaponiya futbol assotsiatsiyasi) “S” kategoriyadagi (“Pro”ga teng yuritiladi) litsenziyani olgan ilk ayol murabbiy hisoblanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston ayollar terma jamoasida yana bir yaponiyalik mutaxassis – Takaya Tutsumi darvozabonlar murabbiyi sifatida ish olib boradi.