O‘zbekiston Afg‘onistondan ko‘mir sotib oladi
Olam
−
05 fevral
4367O‘zbekiston savdo delegatsiyasi Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati rasmiylari bilan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo muvozanatini yaratish uchun Afg‘onistondan ko‘mir import qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda “Tasnim” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 4 fevral kuni O‘zbekiston savdo delegatsiyasi Qobulga tashrif buyurib, “Tolibon”ning sanoat va savdo vazirligi bilan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi savdo muvozanatini yaratish maqsadida Afg‘onistondan ko‘mir import qilishga tayyorligini bildirgan.
“Tolibon” sanoat va savdo vazirligiga ko‘ra, ushbu tashrif davomida ikki mamlakatning xususiy kompaniyalari o‘rtasida 4,5 million dollar miqdorida savdo shartnomalari imzolangan. “Tolibon” sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy O‘zbekiston delegatsiyasi bilan uchrashuvda ikki mamlakatning mahalliy mahsulotlari va ishlab chiqarishini namoyish etish uchun birgalikda yarmarkalar o‘tkazishni taklif qilgan va Termiz xalqaro savdo markazida har yili maksimal beshta yarmarka o‘tkazish taklifini bergan.
Tomonlar, shuningdek, turli masalalar, jumladan, preferensial savdo bitimi bo‘yicha muzokaralar, Samangan viloyatida sement ishlab chiqarish zavodini tashkil etish va har ikkala mamlakatda savdo uylari yaratish bo‘yicha fikr almashgan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil iyul oyida “Tolibon” sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy boshchiligidagi tarkibida 300 nafarga yaqin afg‘onistonlik tadbirkorlar va ishbilarmonlar o‘rin olgan delegatsiya O‘zbekistonga kelgandi. Ular Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘oniston delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazgan. Shuningdek, oktyabr oyida O‘zbekiston kompaniyasi bilan Afg‘oniston shimolidagi Jauzjon va Faryob viloyatida joylashgan Tuti-Maydon konida tabiiy gazni qidirish va qazib olish bo‘yicha 1 milliard dollarlik shartnoma imzolagandi.
LiveBarchasi