Navoiy haykali buzilishi ortidan O‘zbekiston “Tolibon”dan izoh so‘radi

Jamiyat

image

Avvalroq, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrida yashagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning haykalini butunlay buzib tashlagani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari bilan bilan bog‘landi. Bu haqda vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov xabar berdi. 

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan. Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirgan. 

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun mo‘’tabar bo‘lgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga va’da bergan. 

“Jumladan, Afg‘oniston vakillari hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlarni tiklash, amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qo‘yilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Afg‘oniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli bo‘lgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qat’iy sodiqligini bildirgan holda uning nomini munosib e’zozlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi”, deyiladi xabarda. 

Ma’lumot uchun, Alisher Navoiyning buzib tashlangan haykali 17 yil avval Mozori Sharif shahri hokimiyati tomonidan uning xotirasini yodga olish maqsadida o‘rnatilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning fevral oyida ham Alisher Navoiyning Mozori Sharifdagi haykali buzib tashlangandi. O‘shanda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining matbuot kotibi Ahror Burhonov holatga munosabat bildirib, bu ishni “vandalizm” deb atagandi. Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Afg‘oniston vakillariga tayanib, Navoiy haykalini begona kishilar vayron qilganini aytgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon Alisher Navoiy haykali Mozori Sharif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing