O‘zbekiston Afg‘onistondagi keskinlik fonida KXSHT harbiy blokiga a’zo bo‘ladimi?

Jamiyat

image

Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi mumkin emas va u hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga ham qo‘shila olmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov bugun, 12 iyul kuni OAV uchun brifingda ma’lum qildi.

“2012 yilda qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi va mudofaa to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi mumkin emas va biz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga ham qo‘shila olmaymiz. Bu qonunda belgilab qo‘yilgan”, deydi Sherzod Asadov.

Shuningdek, Prezident matbuot kotibi KXSHTga (Kolletkiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) a’zo bo‘lish bo‘yicha O‘zbekistonga hech qanday taklif kelib tushmaganini qo‘shimcha qildi.

“Bundan tashqari, bizlarga hech qanday bunaqa taklif ham KXSHTga a’zo davlatlar tomonidan kelib tushgani yo‘q”, deydi Asadov.

KXSHT qanday tashkilot?

KXSHTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Biroq, KXSHT yagona harbiy-siyosiy birlashma sifatida hech qachon harbiy harakatlarda qatnashmagan. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.

O‘zbekiston ushbu tashkilotning a’zosi bo‘lgan

Qayd etish kerakki, KXSHT asosi 1992 yili Toshkentda qo‘yilgan. O‘shanda ushbu shartnomani O‘zbekiston ham imzolagan. Biroq, rasmiy Toshkent 1999 yilda ushbu kelishuvga a’zolikni davom ettirishdan bosh tortgan. Oradan bin qancha muddat o‘tib, 2006 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi tiklangan. Keyin 2012 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi yana to‘xtatilgan. 

Qo‘shni Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

424

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing