Afg‘on askarlari yana O‘zbekiston chegarasini buzdi. TIV qat’iy pozitsiya bildirdi
Jamiyat
−
28 iyun 2021
30103O‘zbekiston yana bir bor Afg‘onistonda keskinlik kuchayib borayotganidan xavotirda ekanligini bildiradi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot kotibi xabar berdi.
Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston kurashayotgan tomonlarni tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishining oldini olishga va kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirmoqda.
“Joriy yilning 27 iyun kuni 44 kishidan iborat Afg‘oniston chegara qo‘shinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Sho‘rtepa tumani hududida O‘zbekistonning davlat chegarasini buzgan. Bir kun avval, ya’ni 26 iyun kuni chegaraning ushbu qismida qo‘shni mamlakat kuch ishlatar tizimlari 3 nafar vakilining O‘zbekiston hududiga kirib kelish holati qayd etilgan. Barcha Afg‘oniston fuqarolari o‘z vataniga qaytarilgan. O‘zbekiston hududiga bu kabi noqonuniy o‘tishga urinishlar qat’iy ravishda bartaraf etiladi”, deyiladi TIV bayonotida.
Xabarga ko‘ra, O‘zbekiston Hukumati Afg‘oniston bilan an’anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini davom ettirish, neytralitetni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat’iy ma’lum qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Asadov Afg‘oniston fuqarolari — harbiylar hamda tinch aholi so‘nggi kunlarda bir necha bor O‘zbekiston hududiga kirishga uringanini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, afg‘onistonliklarning birinchi marta O‘zbekistonga qochib o‘tishi joriy yilning 23 iyun kuni yuz berdi. O‘shanda 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar Afg‘onistonning Sho‘rtepa tumani hududidan O‘zbekistonga o‘tgan. Zaruriy surishtiruv va tergov tadbirlari o‘tkazilganidan so‘ng, ushbu afg‘on fuqarolari vataniga qaytarilgan.
LiveBarchasi